Otasi tengi odamga arang salom bergan “kattakon” shu tizimda ma’naviyatchilarning rahbari ekan
Mehnat faoliyatim davomida xizmat taqozosi bilan boshqarmalarning boshliqlari, hokimlar, bir necha vazirlarning qabulida bo‘lishimga to‘g‘ri kelgan. O‘zimning ancha yoshligim, ularning lavozimi juda yuqoriligi sababli qabulga kirishdan oldin qattiq hayajonlanganman. Lekin ularning qabullariga kirishim bilan butunlay boshqacha holatni ko‘rib, hayajonlarim yo‘qolgan, o‘z fikrlarimni ham tortinmasdan bildira olganman. Chunki, ular kabinetlariga kirishim bilan salomimga alik olib, o‘rinlaridan turib, qo‘l berib salomlashib, o‘tirishim uchun joy ko‘rsatishgan. Hatto ayrimlari darrov bir piyola choy ham tutishgan. Ketishimda ham eshikkacha kuzatib qo‘yishgan.
Shundan bo‘lsa kerak, men ham ish yuzasidan bo‘ladimi, shaxsiy masala yuzasidan bo‘ladimi, huzurimga kelganlarni xuddi shunday hurmat bilan qabul qilishga odatlanganman.
Aslida, odamlar bilan, ayniqsa, katta yoshdagilar bilan ko‘rishganda o‘rindan turib, ularning hurmatini joyiga qo‘yib salomlashish xalqimizga xos qadriyatlardan hisoblanadi.
Hozirgi kunda ko‘plab boshqaruv organlarida yoshlar ishlamoqda. Bu juda yaxshi, albatta, bilimdon yoshlar kelajagimiz. Lekin ularning ma’naviyati qanday?
Ushbu masalaga deyarli e’tibor berilmayapti, deb o‘ylayman. Xizmat yuzasidan davlat idoralariga kirsangiz, “mansabi ham o‘ziga yarasha” yosh yigitlar o‘tiribdiki, go‘yo ulardan katta odam yo‘q, salom berib qo‘l uzatsangiz, erinibgina, kibr bilan, o‘tirgan “pozasini” o‘zgartirmasdan zo‘rg‘a qo‘l uzatadi. Holbuki, uning yonida ko‘pni ko‘rgan, yoshi otasidan ham katta inson turibdi, balki uning “yigitchaga” iltimosi ham yo‘qdir, aksincha, yordami tegar yoki bo‘lmasa uning ishini hal qilish uchun kelgandir. Buni “yigitcha” tushunmaydi, tushunishni ham xoxlamaydi, chunki u “katta odam”.
Yaqinda xuddi shunday holatning guvohi bo‘ldim. Ish yuzasidan viloyat boshqarmalaridan birining mas’ul xodimi bilan uchrashdim. U meni “yoshi katta o‘qituvchi yoki tizim xodimlaridan bo‘lsa kerak”, deb o‘yladi, shekilli, o‘tirgan joyida erinibgina qo‘l uzatdi. Hayron qolasan kishi, notanish kishi huzuringga kirib keldi, ko‘rinib turibdi yoshi ham sendan ancha katta, otang tengidir balki, yoshi ham mayli, u balki balki bironta yuqori tashkilotdandir, mabodo mansabiga qarab salomlashadigan bo‘lsang? Umuman olganda farqi nima? Huzuringga kelgan odam bilan, odob nuqtai nazaridan o‘rningdan turib salomlashsang, hurmating pasayib qoladimi? Ajablanarlisi shundaki, bu “kattakon” shu tizimda ma’naviyatchilarning rahbari ekan!
Xullas, shu kabi holatlar hayotimizda ko‘p uchraydigan, keyingi paytlarda yoshlarning o‘zidan kattalarga hurmatsizligi tanqid qilinganda ushbu masala ham ko‘tariladigan bo‘lib qoldi. Ko‘chadagi yoshlarni o‘sha joyning o‘zida tanqid qilsa bo‘lar, lekin “katta lavozimdagi yigitchalar”ga kim pandu-nasihat berar ekan?
Abduqodir Nishonov,
“Nuroniy” xayriya jamg‘armasining
Samarqand viloyat bo‘limi xodimi.