Otaxon selda oqayotgan qizchani qutqarib qoldi
Qo‘shrabot tumanidagi "Mayintepa" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan Tumanovul qishlog‘i aholisi, xususan, maktab o‘quvchilari sel yo‘li o‘tgan kanal-ariqdan 24-maktabga omonatgina turgan qo‘lbola ko‘prikdan o‘tib borishadi.
Bu harakatlar kattalar kuzatuvi ostida amalga oshirilishi shart. Biroq ba’zida bolalar shoshqaloqlik qilib, mustaqil o‘tishga ham urinadi. Yaqinda ana shunday harakatlarning oqibatida fojia ro‘y berishiga bir bahya qoldi. Maktabdoshlari bilan uyga qaytayotgan 3-sinf o‘quvchisi G.Sharipova “qilko‘prik”dan o‘tayotib, bexosdan shiddat bilan oqayotgan selga qulab tushdi. Oldinda borayotgan o‘zidan kattaroq hamrohlari Xurshid bilan Durdona uning oqib borayotganini ko‘rib, qo‘rqib ketganidan baqira boshladi.
Yaxshiyamki, voqea joyidan biroz narida, qirdagi yumushlarini bajarib uyiga qaytayotgan 63 yoshli Fozil Xolbekov bor ekan. U qizaloqni ko‘rdi-yu, soyga yugurdi va o‘zini suvga otib, cho‘kayotgan qizaloqni qutqarib qoldi.
Qizaloqni halokatdan saqlab qolgan Fozil Xolbekovning bu ziyrakligi va jasorati tahsinga loyiq. Binobarin, bu uning hayotidagi birinchi hodisa emas: u bundan bir necha yil ilgari selda oqib ketayotgan ikki o‘quvchini ham qutqarib qolgan edi.
Norbobo Shakarov, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi.