O‘tgan kuni yoqqan jala ayrim fuqarolarga qimmatga tushdi

Joriy yilning 6 aprel kuni soat 15:00 – 18:00 oralig‘ida yoqqan kuchli yomg‘ir Samarqand shahri va ayrim tumanlardagi aholi xonadonlariga katta talafot yetkazdi.

Jumladan, Samarqand shahrining Chashmai Xizr, Sadriddin Ayniy kabi o‘nlab ko‘chalarida, Oqdaryo tumanining Dahbed, Samarqand tumanidagi Gulobod mahallalarida jami 52 ta xonadonga suv kirib, jiddiy zarar yetkazgan. 

Ayniqsa, jala oqibatida Istiqlol mahallasi, Chashmai Xizr ko‘chasida joylashgan o‘nlab uylarning yerto‘lalarini suv bosdi. Uchta xonadonning qo‘shimcha binolari, 2 ta xonadon devorlari qulab tushdi. Shaharni kesib o‘tgan “Chashma” va “Siyobcha” kollektor-ariqlarida to‘planib qolgan maishiy chiqindilar tufayli Registon, Dahbed, Rudakiy ko‘chalarida katta miqdorda suv to‘plangan.

- Kutilmaganda kelgan tabiiy ofat aholiga katta iqtisodiy zarar yetkazdi, - deydi viloyat favqulodda vaziyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Rustam Anorov. - Boshqarmamizning 84 nafar qutqaruvchilari 14 ta jangovar mashinalarda og‘ir ahvolda qolgan aholiga yordam berib kelmoqda. Ular 40 dan ziyod xonadonlarning yerto‘lalarida to‘planib qolgan suvni tortib chiqarishdi. O‘nga yaqin hovuz va zovurlarni tozalab, suvning oqib ketishiga sharoit yaratishdi.

FVB qutqaruvchilari nafaqat jala tufayli to‘plangan suvlarni tozalab muammoni bartaraf etishda qatnashmoqda, balki uylarda qolib ketgan og‘ir ahvoldagi bemorlarni shifoxonalarga olib borishda ham yordam berishmoqda.

- Qutqaruvchilarimiz Chashmai Xizr ko‘chasidagi suv bosgan xonadonlardan birida qon bosimi ko‘tarilib ketgan bemorlardan biri haqida xabar topishadi, - deydi R.Anorov. – Vaziyatni to‘g‘ri baholab, bemor ayolga birinchi yordamni ko‘rsatib, uni shifoxonaga yetkazishdi.

Ayni paytda Samarqand shahar hokimligi tomonidan tegishli mutasaddi tashkilotlar vakillaridan tuzilgan ishchi guruh aholi xonadonlari va boshqa ob’yektlarga yetkazilgan zararni joyida o‘rganib, tegishli xulosa va takliflarni tayyorlamoqda.

Dilmurod TO‘XTAYeV.