O‘tkir Hoshimov: “Kitobxoni yo‘q asar egasi tashlab ketgan hovliga o‘xshaydi”

Bolta – qotil qo‘lida o‘lim, o‘tinchi qo‘lida mehnat, hunarmand qo‘lida san’at quroli.

Qalam – hasadgo‘y qo‘lida o‘lim, savodxon qo‘lida mehnat iste’dod qo‘lida san’at qurolidir.

O‘tkir Hoshimov o‘zbek adabiyotida Abdulla Qodiriy va Said Ahmad kabi “proza shoirlari”ning kenja avlodi hisoblanadi. U epik tur  rivojidagi xizmatlari evaziga “so‘z zargari” degan nomga musharraf bo‘lgan. Bir qator hikoya, qissa va romanlari, adabiy-badiiy saboqlari bilan adabiyotimizda yorqin iz qoldirgan keng mushohadali, donishmand yozuvchidir.

Adib biz uchun katta adabiy-badiiy meros qoldirdi. Yarim asr davomida radio va teledasturlarda o‘zining dolzarb mavzulardagi ma’naviy, publitsistik, badiiy chiqishlari bilan xalqimiz e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Uning “Urushning so‘nggi qurboni”, “Dehqonning bir tuni” hikoyalari, “Cho‘l havosi”, “Qalbingga quloq sol”, “Shamol esaveradi”, “Odamlar nima derkin”, “Bahor qaytmaydi”, “Dunyoning ishlari” qissalari, “Nur borki, soya bor”, “Ikki eshik orasi”, “Tushda kechgan umrlar” romanlari, “To‘ylar muborak”, “Inson sadoqati” kabi dramatik asarlari esa xalqimizning qalb to‘ridan joy egallagan.

O‘tkir Hoshimov asarlari badiiyati hamon oddiy kitobxondan tortib, adabiyotshunos, munaqqid olimlargacha o‘ziga maftun etib kelmoqda. Yosh iqtidorli yozuvchilar uchun esa mahorat maktabi vazifasini o‘tamoqda. Yozuvchi nazarida “Asarning haqiqiy egasi yozuvchi emas. Asarning haqiqiy egasi – o‘quvchi! Kitobxoni yo‘q asar egasi tashlab ketgan hovliga o‘xshaydi...” (“Daftar hoshiyasidagi bitiklar”). Adib qurgan “uy”da esa yangi-yangi avlodlar yashab kelmoqda, o‘zlariga ma’naviy panoh olmoqda.

O‘tkir Hoshimov Ernest Xemenguey aytganiday, yozuvchi uchun yetarli bo‘lgan “ozgina iste’dod va baxtsiz bolalik” tuhfasidan benasib qolmadi. U mehnat faoliyatini maktab ta’limidan keyin oliy ta’lim tahsili bilan emas, ro‘zg‘orning moddiy ta’minotini tiklashdan boshladi. Mazkur hayot tashvishlari, og‘ir mehnat mashaqqatlari yozuvchini har tomonlama tobladi. Uning qalbida “inson iztiroblariga ta’zim” hissini uyg‘otdi. Odamlar nazaridan tashqaridagi insonlar qismati, ya’ni quvonch-tashvishlari, xato va kamchiliklari bo‘lajak adibning o‘y-kechinmalariga mustahkam o‘rnashib oldi. 

Mashaqqatli mehnat bilan mashg‘ul bo‘lgan zamondoshlari dardu hasratlari bilan qiziqqan yozuvchi ijodini publitsistikadan boshladi. Bu boradagi xizmatlari hosilasi sifatida 1962 yilda “Po‘lat chavandoz” nomli ocherklar to‘plamini nashr ettirdi. Adib oradan ko‘p fursat o‘tmay “Cho‘l havosi” qissasi bilan respublikamizga tanildi. E’tiborlisi, bu qissaga mashhur yozuvchi Abdulla Qahhor xat orqali iliq munosabat bildirdi. “O‘tkir! “Cho‘l havosi”ni o‘qib suyunib ketdim. Birdan lov etib alanga bilan boshlangan ijodning kelajagi porloq bo‘ladi, qissa juda sof, samimiy, iliq, tabiiy, rohat bilan o‘qiladi”, deb yosh yozuvchiga katta dalda berdi, e’tirof etdi.

“Bahor qaytmaydi”  yozuvchining qissachilikdagi dastlabki yutug‘i hisoblanadi. Tabiiyki, kitob yetmishinchi yillarning eng belleteristik asari  hisoblangan. Qissada xudbinlik, o‘ziga ortiqcha bino qo‘yish, kelajagini ko‘ra olmaslik darajasidagi g‘urur Alimardon To‘rayevni fojiaga boshlagan bo‘lsa, Muqaddamni boylikka bo‘lgan g‘ayritabiiy intilishi sof muhabbatidan – Anvaridan judo qiladi.

Abdulla Qahhor adabiyotni kasb emas, hunar, deb bejiz aytmagan. Kasb – tirikchilik yo‘lida har kuni takrorlanib turadigan mehnat bo‘lsa, hunar  biri ikkinchisidan go‘zalroq yaratiladigan san’at asaridir. Haqiqatan ham, O‘tkir Hoshimovning asardan asarga o‘sib borganligini uning qissalari misolida ko‘rish mumkin. So‘zimiz isboti sifatida ta’kidlash mumkinki, yozuvchi bor iqtidorini, so‘zning sehrini, tilning jozibadorligini “Dunyoning ishlari” qissasida to‘liq namoyon eta olgan. Yozuvchi ko‘zlagan badiiy g‘oya – davr g‘oyasiga, falsafiy mushohadalari – hikmat darajasiga ko‘tarilgan. Xarakterlar odob-axloqi, umuminsoniy qarashlari bilan asar qimmatini ikki hissa oshirgan.

Qissa avtobiografik xarakterdagi asar ekanligini O‘tkir Hoshimov o‘zining “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” va bir qancha suhbatlarida eslatib o‘tadi. Farzandning, ayniqsa o‘g‘il farzandning ona oldidagi burchi bitmas-tuganmas ekanligi barchaga ma’lum. Shunday ekan, yozuvchining “Dunyoning ishlari”dagi onasi farzandlarning onasi timsoliga aylanib qoldi.

 “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” kitobida bir hayot hikmati keltiriladi: “Bolta bilan qalam bir-biriga o‘xshaydigan buyumlar emas. Ammo xizmati jihatidan anchayin yaqin turadi.

Bolta – qotil qo‘lida o‘lim quroli. O‘tinchi qo‘lida mehnat quroli. Hunarmand qo‘lida san’at quroli.

Qalam – hasadgo‘y qo‘lida o‘lim quroli. Savodxon qo‘lida mehnat quroli. Iste’dod qo‘lida san’at quroli”.

O‘tkir Hoshimov ham o‘z ijodiy faoliyatida qalamni san’at quroli sifatida ko‘rdi. “O‘quvchiga aytadigan dardi kuchli bo‘lganligi bois ham” bu qalam ostidan chiqqan badiiy kashfiyotlar tili, badiiyligi, g‘oyasi bilan hamon el koriga yarab kelmoqda.

Akram Toshpo‘latov,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.