O‘tmish oligarxlari bugungi millarderlardan ancha badavlat bo‘lgan

Bugungi davr milliarderlari Bill Geyts yoki Uorren Baffet insoniyat tarixidagi eng badavlat insonlardek tuyuladi. Ammo ular yiqqan mablag‘lar o‘tmish oligarxlari boyligi oldida hech narsa emas.

Iskandar Zulqaynar (Aleksandr Makedonskiy), Chingizxon kabi tarixiy shaxslar, Rim imperatorlari, Misr fir’avnlarining behisob boylikka ega bo‘lgani haqida ko‘p eshitganmiz. Ammo ularning xazinasini hisoblab chiqishning o‘zi bugun amri mahol.

Business Insider va arxiv xujjatlarini tekshirib, yuz yillar davomida sodir bo‘lgan infillyasiya darajasini hisoblab chiqqan nashrlar o‘tkazgan tadqiqotlarga tayanib, Sizni so‘nggi ming yillikning eng badavlat shaxslari bilan tanishtiramiz.

10. Kornelius Vanderbilt ($ 185 milliard)

Amerika tarixidagi eng mashhur tadbirkorlardan biri. U 1800-yillarda temir yo‘l qurilishi va kemasozlik yo‘nalishlari qurish bilan shug‘ullangan. Uning boyligi taxminan 185 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan. Tadbirkor bu boylikning asosiy qismini fuqarolar urushidan keyin, o‘zining temir yo‘l saltanatini kengaytirganidan so‘ng to‘plagan.

9. Genri Ford ($ 199 milliard)

Amerika biznesi ustunlaridan biri. Tadbirkorning shaxsiy kapitali 199 milliard AQSh dollarini tashkil qilgan. U avtomobilsozlik sanoatiga inqilobiy yondashuvi bilan tanilgan. O‘z xodimlariga o‘sha davr talabidan ortiq ish haqqi to‘lagan, arzon narxlarda avtomobillar ishlab chiqarish usulini qo‘llagan. Buning natijasida oddiy aholi ham avtomobil xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan.

8. Muammar Kaddafi ($ 200 milliard)

Kaddafi 42 yil Liviyaga hukmronligi davomida 200 milliard dollarga teng mablag‘ yiqqan.

Ziddiyatli siyosatchi bo‘lishiga qaramasdan, u o‘z mamlakati rivoji uchun katta ishlar qilgan. Xususan, cho‘l hududlari, Liviya sohillarini ichimlik suvi bilan ta’minlaydigan Buyuk daryoni qurdirgan. Mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, bu insoniyat tarixidagi eng yirik sug‘orish loyihasi bo‘lib, natijada kuniga 6,5 million kub ichimlik suvi yetkazib berish yo‘lga quyilgan.

2011 yilgi fuqarolar urushi davrida Kaddafi hukumati ag‘darilgan.

7.Fath etuvchi Vilgelm ($ 209 – 229 milliard)

Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, Vilgelmning davlati 209 milliarddan 229 milliard dollargacha bo‘lgan. 1066 yilda Normand bosqinidan keyin Vilgelm Angliyaning birinchi qiroli bo‘ldi. Vilgelm hukmronligi mamlakat rivoji uchun yirik natijalar keltirdi. U yagona Angliya qirolligiga asos soldi, armiya va flot tashkil qildi, tosh qal’alar barpo ettirdi. Ulardan eng mashhuri 1078 yilda qurilgan mashhur Tauer qal’asidir.

6. Yakob Fugger ($ 221 milliard)

Fugger ehtimol ro‘yxatdagi qo‘shnilari kabi taniqli emasdir. Biroq u savdo va bank faoliyati tufayli 221 milliard dollarga teng boylik yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan. Yakob Fugger 1459 yilda tavallud topgan va 1525 yilda Augsburgda (Germaniya) vafot etgan. Asosiy daromadini u asosan Italiyadagi to‘qimachilik mahsulotlari savdosidan, shuningdek, Vengriya va Bogemida kumush va oltin qazib olish hisobidan olgan.

5. Mir Osman Ali Xan ($ 230 milliard)

Siz Mir Osman Ali Xan kabi ismni eshitmagan bo‘lishingiz mumkin. Ammo bu shaxs shubhasiz dunyoda yashab o‘tgan eng boy odamlardan biri hisoblanadi. Hindistondagi Haydarobod xonligining hukmdori bo‘lgan Ali Xan o‘z boyligini 230 miliard dollargacha yetkazgan. 1911 yilda otasining o‘limidan so‘ng u Haydarobodga hukmron bo‘ldi va 37 yil hukmronlik qildi. U mintaqada ta’lim, elektr va temir yo‘llarni rivojlantirdi.

4.Nikolay Aleksandrovich Romanov ($ 300 milliard)

Rusning so‘nggi qiroli Nikolay Aleksandrovich Romanovning boyligi 300 milliard dollar qiymatida baholanadi. U feodal mulki hisoblangan yerlaridan, sanoat va savdo ulushidan daromad olgan. Tarixchilarning ta’kidlashicha, “Nikolay II rus pravoslav cherkovi tomonidan avliyo (svyatoy) deb e’lon qilindi va insoniyat tarixidagi eng badavlat avliyo sifatida tanildi”.

3. Endryu Karnegi ($ 310 milliard)

Karnegi nihoyatda boy va nufuzli sanoatchi sifatida XIX asr o‘rtalarida tanildi. U Shotlandiyada kambag‘al oilada tug‘ilgan. Uning oilasi 1840 yil oxirida AQShga ko‘chib kelgan. Bir qator korxonalarga muvaffaqiyatli sarmoya kiritganidan so‘ng Karnegi 310 milliard dollarga teng boylikka ega U.S.Steel po‘lat kompaniyasiga asos soldi. U mol-mulkining ko‘p qismini turli xayriya va ehson tadbirlariga sarflagan. Shu bois uni dunyoning eng saxiy insonlaridan biri sifatidan yodga olishadi.

2. Jon Rokfeller ($ 340 milliard)

Jon Rokfellerning nomi Amerika tarixida chuqur ildiz otgan va uning boyligi 340 milliard dollarga baholangan. 1839 yilda Nyu-Yorkda tavallud topgan Rokfeller Standard Oil neft korporatsiyasining asoschilaridan biri sanaladi. Rokfeller ham o‘zining saxiyligi bilan mashhur bo‘lgan. U hayoti davomida 2 ta kollej, Chikago va Rokfeller universitetlariga asos solgan. Tadbirkor 1937 yil 97 yoshida vafot etgan.

1. Mansa Musa ($ 400 milliard)

Yer yuzida hayot kechirgan eng badavlat inson Mansa Muso yoki Malilik Muso I edi. Mali imperiyasining hukmron imperatori Musa zamonaviy pulga hisoblaganda 400 milliard AQSh dollari qiymatidagi mol-mulk egasi bo‘lgan. Musa 1280 yilda tug‘ilgan. 1337 yilgacha taqvodor musulmon bo‘lib hayot kechirgan. U Afrika bo‘ylab ko‘plab ta’lim markazlari va masjidlar bunyod qildirgan.

Ta’kidlab o‘tamiz, hozirgi kunda hayot kechirayotgan eng badavlat inson - Amazon korporatsiyasi asoschisi Jeff Bezos bo‘lib, uning boyligi 131 milliard AQSh dollarini tashkil etadi. Badavlat insonlar ro‘yxatining ikkinchi o‘rnidan joy olgan Microsoft korporatsiyasi asoschisi Bill Geyts to‘plagan mablag‘ qiymati esa 96,5 mmillard dollarga teng.