Ovozlarni hisoblash boshlandi
Bugun, 30 aprel kuni “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha o‘tkazilgan referendum yakunlandi.
Samarqand viloyatidagi 1111 ta referendum uchastkalarida ertalab soat 8.00 dan kech soat 20.00 ga qadar ovoz berish jarayonlari davom etdi. Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatiga ko‘ra, okrug bo‘yicha ovoz beruvchilarning umumiy soni 2 million 81 ming 436 nafarni tashkil etdi.
Soat 17.00 holatida okrug bo‘yicha 1 million 751 ming 368 nafar fuqaro yoki ro‘yxatga olingan ovoz beruvchilarning 84,14 foizi referendumda ishtirok etdi.
Ayni paytda uchastkalarda ovoz berish natijalari hisoblanmoqda.
Samarqand shahridagi 65-referendum uchastkasida Chaqar mahallasida yashovchi 1308 nafar ovoz beruvchi ro‘yxatga olingan edi.
- Fuqarolarimiz referendumda faol qatnashdi, - deydi referendum uchastkasi raisi Mirazim Sadinov. - Mamlakatimiz hayotidagi muhim siyosiy jarayon haqida yetarli ma’lumotga ega bo‘lganligi bois kunning birinchi yarmida asosiy ovoz beruvchilar referendumga o‘z munosabatlarini bildirib bo‘lishdi. Uchastkada ovoz berish jarayoni so‘nggi daqiqalargacha davom etdi. Jarayonni yigirmaga yaqin xorijlik kuzatuvchilar kuzatib bordi. Umimiy hisobda ovoz beruvchilarning 80 foizdan ortig‘i ishtirok etdi.