Oy quyosh nurini akslantiradi yoxud “kuchli” o‘qituvchining o‘quvchisi ham “kuchli” bo‘ladi
Beruniy quyoshning oy orqali tunni yoritishi, yorug‘lik tezligini ovoz tezligidan ham tezkorligini aniqlab, “Insoniyat tarixida eng aqlli kishi” ta’rifini olgan. 2023 yilga “Inson qadri va sifatli ta’lim” yili deb nom berilganda behosdan yuqoridagi ta’rifni ko‘nglimdan o‘tkazdim.
Inson va ta’lim, qadr va sifat. Izohga hojat yo‘q!
Yunon muarrixi Strabon miloddan ancha ilgari Turon o‘lkasini “Ming shaharli diyor” deb ta’riflagan ekan. Zamondosh olimimiz Abdusattor Jumanazar mazkur mashhur ta’rifni “Ming madrasali o‘lka” deb ochiqlabdi. Minglab ziyokor o‘lkadoshlarimiz, yuksak aql sohiblarining dunyoga yuzlanishlarini chin dildan istab qolamiz.
Mavzuga qaytib insonning aqliy kapitali iborasini mulohazamiz o‘zagi qilib olsak. “O‘zakning maqsad-vazifasi – aql zakovatni o‘stirish bilan izohlanadi. O‘zbekiston davlatining siyosatini o‘q chizig‘ida hazrati inson joy egallaganligini Prezidentimiz o‘z ma’ruzalarida alohida urg‘uladilar. Sarlavhaga izoh berilishiga fursat “pishishini” kutsak, qarshilar bo‘lmasa kerak. Bilasizmi, 2023 yilga mo‘ljallangan murojaatni qanday tinglaganimni izohlashga so‘z ojizlik qiladi. Yuqoridagi qoralamalarim fikrimning asoslarini mustahkamlab olishimga ko‘mak deb bildim. Menimcha, millionlab muallimlar men kabi hayajonda. Kim o‘z kasbini ulug‘lanishini xohlamaydi, deysiz? Ayniqsa, muallimlar.
BMT tahliliga ko‘ra, inson umrining uzayishi davlatlarning iqtisodi, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimining holatiga bog‘liqligi e’lon qilingan. Mamlakatlarda o‘rtacha umr ko‘rish darajasi, dunyo miqyosida, eng asosiy ko‘rsatkichlardan hisoblanadi. Qissadan hissa shuki, ta’limni tubdan yaxshilamasdan turib, yangi O‘zbekistonimizni bugun jadal rivojlanayotgan sharoitda jahon mamlakatlari o‘rtasida raqobatbardoshligini ta’minlash, innovatsion taraqqiyotga erishish, aholini farovonligini oshirish, kutilayotgan bosh maqsad – insonni qadrlashga erishib bo‘lmaydi. Bilim barcha sohalarda muvaffaqiyatlarga erishish imkonini yaratadi. Yilimizning nomlanishi masalaga sho‘ng‘igan sari naqadar aysbergmonandligi tobora ko‘z o‘ngimizda gavdalanib bormoqda. Men o‘qituvchi sifatida quyida soha xodimlarining oldida dars sifatini dunyo standartiga ko‘tarish borasida turgan juz’iy muammoli masalalar haqida o‘rtoqlashishni ma’qul topdim.
Ma’lumot uchun, amaldagi tartibga asosan yilning nomlanishi bilan bog‘liq davlat dasturini shakllantirilishiga kirishildi. Ma’ruzada qayd etilganidek, taklif berishga start ham berildi. Jo‘yali, asoslangan takliflarning ko‘tarilishi yutuqning yarmini tashkil qilishi barchaga ma’lum. Demak, dastlab ta’lim jamoalarida hozirgi o‘qitish holatini maktab ustaviga, ta’lim sifatiga mas’ul birlashmalarning amaldagi nizomlariga nechog‘lik mosligini atroflicha muhokama qilish, masalaga tizimli yondashish imkonini yaratadi. Aniqlangan ikkilanishlar, yechimsiz talablar, egasiz vazifalar bir-birini inkor qiladigan me’yoriy talablar toza varaqqa chap-o‘ng tarzida tushirilishi hamkasblarimizni sohaga nechog‘li kuyunchakliklarini isbotlaydi, to‘g‘ri yo‘lga boshlaydi. Sarlavhadagi oy bizning jondan aziz o‘quvchilarimiz, ular Sizning nuringizni akslantiradi.
Kezi kelganda, alohida ta’kidlamoqchiman, yillarni nomlanishidan asosiy maqsad, nomi berilgan sohani mavqeini jahon standartlari darajasiga olib chiqishga erishishdir. Xalqimizda bahorning bir kuni yilni boqadi, degan purma’no naqli bor. Shu kun – shu bugun.
Bizdan talab qilinadigan vazifa sifatga erishishimiz uchun bizga qanday sharoitlar yaratilishi, davlat va jamoat tashkilotlaridan ustavlarida muhrlab qo‘yilgan qaysi vazifalarni hamkorlikda og‘ishmay amalga oshirishimiz kerakligini dasturga kiritilishiga erishishimiz. Misol uchun, o‘quvchilarimizni komil inson qilib tarbiyalash asosiy vazifalarimizdan hisoblanadi. Lekin komillikning qaysi fazilatlari qaysi sinfda, kim bilan hamkorlikda amalga oshirilishiga aniqlik kiritib olishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz. Halollik, odob saqlash, rahmdillik, xushxulqlik, sadoqatlilik, oqillik, vatansevarlik, mardlik, ustozlarni e’zozlash va boshqa komillikning o‘ziga xos axloq majmuini bola ongiga singdirishda, ma’naviyatchilarimiz, yozuvchi, shoir, kinochi, sportchi, ilmiy tadqiqot institutlarimiz bizga qaysi vazifada tirgak bo‘lishlarini istaymiz? Negaki, mazkur sohada olingan bilimlarni amaliyotga joriy qilish uchun shunday jamiyat kerak. Jamiyat jamoasini fozillik, komillikka yo‘naltirishda daxldorlar maoshini oqlasin (Buxoriy, Termiziy, Ma’mun kabi ilmiy tadqiqot institutlarimiz shular jumlasidan). Bir so‘z bilan aytganda, jamiyatda maktabga, muallimga, ta’limga munosabatni tubdan ijobiy tarafga o‘zgartirib yuborish uchun qanday takliflarimiz bor?
Mavzudan chetladingiz deb e’tiroz bildiruvchilar ham bo‘lsa kerak. Yo‘q, fikrimga aniqlik kiritaman. Fuqarolik jamiyatida atrof muhitda sodir bo‘layotgan voqealarga barchamizdan daxldorlik so‘ralyapti. Demak, avvalambor, atrof muhitni fuqarolik jamiyati talabida bo‘lishiga erishishimiz kerak. Bu vaziyatda biz bolani maktabni, ilmni, muallimni hurmat qilishiga erishamiz. O‘z navbatida unda bilim olish ehtiyojini shakllanishiga va ishtiyoqini uyg‘onishiga muyassar bo‘lamiz. Qolaversa, hamkorlarimizning asosiy vazifasi ham shundan iborat.
Xalqimizda “Uyda tana (jussa) uchun zarur narsadan tashqari, aql uchun ham kerakli ozuqa bo‘lishi kerak” deyiladi. Umumiy ko‘rinishda tushunarli, lekin uni 1, 2, 3 deb asosiy talablarni taklif qilaylik. Qolaversa, ayrim oilalarda uning iloji yo‘q, unda kimga yuklatilishi maqsadga muvofiq. Ota-onalar chet elda, ajrashgan, qamalgan va h.k.
Bilimi bor hamma joyda o‘z o‘rnini topadi. Bu oydek ravshan. Bilimni olishda biz bilgan-bilmagan yangi uslublar ommalashmay yotgan bo‘lishi mumkin. Uni kim yuzaga olib chiqadi? “Ko‘z bilan ko‘rgan – eshitgandan afzal” deyiladi yoki Beruniyni fikricha “Bilim, qaytarish va takrorlash mevasidir. Qaytarish va takrorlash uchun dars soatlari yetishmasligi mumkin, qiyin o‘zlashtiriladigan mavzularni bo‘lib o‘tish kerakdir. Standartni o‘zgartiraylik. Soat yetishmaydi? Ta’tilni qisqartiraylik. Nega endi yapon bolalar bor-yo‘g‘i bir oy ta’tilda bo‘ladi? Lekin bilimi biznikidan zo‘r. Biz quyoshli kunlarda 100 kun dam olib, qahraton qishda tumshayib o‘qiymiz. “Qish o‘ldirma yoz o‘ldir, och o‘ldirma to‘q o‘ldir”... Bu naqlga e’tiroz yo‘qmi? Unda qish chillasiga ta’tilni ko‘chirib, dars soatlarini ham ko‘paytiraylik. Nega o‘ris tartibidan chiqa olmaymiz?! O‘zimiz o‘zgarishni xohlamayapmiz, shekilli. O‘zgarmaslikni iloji yo‘q!
O‘quvchi zo‘r bo‘lishi uchun o‘qituvchi zo‘r bo‘lishi kerak! Bu aksioma. Hurmatli ustozlar, qiyinchilik yo‘q joyda muvaffaqiyat ham bo‘lmaydi. Agar Siz biror ulug‘ ishni, biror kun qilmoqchi bo‘lsangiz, biling shu kun bugun. Yo‘qotilgan vaqtni topib bo‘lmaydi. Dangasalik juda sekin harakat qiladi, kambag‘allik unga tez yetishib oladi.
Eskida gap bor: "Yaratgan tog‘ning salohiyatiga qarab qor yuborar”. O‘z ustida ishlash “viqorli toqqa aylanish bilan teng" ma’joziy ma’noda. Birorta narsaga mayda-chuyda deb qaramang! O‘z vazifangizga befarq bo‘ldingizmi, dangasalik ular ortidan uquvsizlik, tez orada ishsizlik va kambag‘allik eshik qoqadi. Barchamiz bilimsiz bo‘lib tug‘ilamiz, ammo bir umr bilimsiz bo‘lib qolish kishidan qancha mehnat talab qilishini bilasizmi? Zulmatni qarg‘ab o‘tirish o‘rniga sham yoqqan ma’qul. Aytsangiz-unutaman, o‘rgatsangiz eslab qolaman, jarayonda ishtirok ettirsangiz o‘rganaman. Azaldan "olimning siyohi, shahidning qonidan ustun" qo‘yilgan.
Tushunarli, bola maktabni istamaydi. “Qalbimdan kechganini bilursan, xayolimdan kechganini bilmassan”, qabilidagi holat.
Jaloliddin bobomiz zamonasidagi muammolar bugun ham dolzarb ekan, deb o‘ylab qolaman. Ijodkor singlimiz Orzigul Rustamovaning “Ishonch” gazetasida izohlagan bir fikri diqqatimda. "Hammamiz ko‘rgan, eshitgan bir ertakda qor malikasining karomati tufayli yuragi muzlatilgan bolakayni buvisi issiq choy va mehr bilan asl holatiga qaytarishga erishadi. Nima deb o‘ylaysiz, nahotki yurt ziyolilari birlashib bitta buvi qilgan ishni qila olmasak. Mana biz uchun “Izlanish maydoni”.
O‘z zamonasining ilm peshvosi Imom Ahmaddan "Qachongacha ilm o‘qiysiz?! Shuncha o‘qiganingiz yetmaydimi?! Axir katta olim bo‘ldingiz-ku", deb so‘rashganda "Ma’al mixbori hattal maqbaro", ya’ni "Qabrgacha siyohdon bilan boraman" deb javob qilgan ekan.
Zamondosh olim Xolmuhammad Karim "Odamzod o‘ziga ato etilgan aql va ilmni ishga solib, jahonda ro‘y berayotgan ilmiy kashfiyot va izlanishlardan boxabar bo‘lib turmasa va o‘z hayotiga tatbiq etishni kechiktirsa, taraqqiyotda qoloqlikka mubtalo bo‘ladi" deganda ming bor haq edi. Hushyor bo‘laylik, boxabarlik kechikish arafasida. Darhaqiqat, sifatli dars bilan hozirgi avlodni ilmga yo‘naltirsak, fidoyilik ko‘rsatishga o‘rgatsak, jaholat va ilmsizlikdan tezroq qutulamiz va ilg‘or xalqlar safiga qo‘shilamiz. Bu kabi chekinishlarim Murojaatnomadagi vazifani bosh ijrochisi Siz, aziz muallimlar ekanligingizga ishora deb tushuning.
Ilgari asrlar davomida bo‘ladigan o‘zgarishlar hozir bir yilda bo‘lyapti. Bugun tushimizga kirmagan minglab kasblar paydo bo‘ldi. 30-40 yildan keyin qanaqa kasb yo‘qoladi, qanaqa paydo bo‘ladi, tegishli tadqiqot institutlari xulosa bera oladimi? Negaki, dasturni shakllantirishdagi harakatlarimiz jarayonida uni albatta hisobga olishimiz shart.
Kelajakda moddiy va ma’naviy boyliklar jismoniy va mexanizatsiyalashgan mehnat bilan emas, aqlni ishlatish bilan bo‘ladi.
Endi dushmanlar ma’naviyatimizni o‘zgartirib, ilmsizlikka olib keladigan, ilmsiz qilib ulg‘aytirishga mo‘ljallangan yashirin kuchlar bilan “jang”ga shaylanishayotgani sir emas.
Bir manbadan o‘qiganim esimda. “Oddiy, ammo mashaqqatli mehnat bilan topilgan yuzlab boyliklarimizga, xorijdan ilm yo‘li bilan yaratilgan bitta narsani sotib olyapmiz. Bu tabiat boyliklari tugasa, texnologiyadan ortda qolsak, nimani hisobiga yashaymiz?!”
Sir emas, ko‘p rivojlangan davlatlar ma’danlarni qo‘shni planetalardan olib kelishmoqda. Xususan, oydan. Biz bu ilmni qachon o‘rganishni boshlaymiz? Ta’lim darajamiz dunyoning 189 ta davlatlari ichida 71-o‘rinda. Birinchi beshlikdan o‘rin egallashimiz uchun nima yetishmayapti?
Qisqa va lo‘nda fikr yuritsak, biz O‘zbekiston aholisini ilmli qilishimiz, barcha boyliklarni ilm bilan topishimiz kerak. Bu davlatimiz rahbarining bizga qo‘ygan qat’iy vazifasi. Yana aniqroq aytadigan bo‘lsak, ilm bizning asosiy yashash qurolimiz bo‘lishi kerak. Hozirgidek e’tiborni fanni yodlatish emas, fikrlash, o‘zgarishlarga tafakkur bilan qarashga, jarayonlarni qiyosiy jihatdan tahlil qilishga qaratishimiz kerak. Buning uchun O‘zbekistonga o‘qituvchi oddiy emas, takomillashgan, zamonaviylashgan mutaxassis-pedagog kerak. Samarqandlik olim-ustoz Mamayunus Pardayev ta’birida aytganda "Ibrat bo‘lish qiyin emas, agar ajdodlardan ibrat olsak avlodlarga ibrat bo‘lamiz". O‘qidingmi, fikrla, fikring yetmayaptimi yana o‘qi!
Butun el bo‘lib kurashishimiz kerak bo‘lgan narsa bor. Bilimli bo‘lishga ishtiyoqni yo‘qligi bilan. Ishtiyoq esa qachon bilimga ehtiyoj bo‘lsa uyg‘onadi. Ishtiyoqi yo‘q kishiga kitobni o‘qitish qiyin, ishtahasi yo‘q odamga ovqat yedirish ham shunday.
Test o‘tkazilishiga e’tibor bersangiz, eng ko‘p hujjat topshirgan va eng yuqori ball olgan abituriyentlar diplomatiya, xuquqshunoslik va iqtisodiyotda. 180 ball olgan abituriyentlar bu mutaxassisliklariga kirolmaydi. Pedagogikada esa 56,7 balldan past olganlar ham davlat grantiga da’vogar. Qani edi yuqorida zikr qilingan o‘quv yurtlariga kirolmay qolganlarni 180 ball bilan pedagogikaga yo‘naltirsak. Har holda ozgina turtki bo‘lardi. Aks holda maktab uchun qilinayotgan xarajatlar o‘zini-o‘zi oqlamaydi, bu taklifni ma’qullaydiganlar bor bo‘lsa, ishora bering.
O‘quv tarbiyaviy jarayonni boshqarishda o‘qituvchida bolani tushuna olish, unga insonparvarlik munosabatida bo‘lish, uning kamolotini ta’minlovchi fikrlar jamlanmasini tizimlashtirish sifatlari qon-qoniga singib ketgan bo‘lishi kerak. O‘shanda uning so‘zidan, xatti-harakatidan, hatto ko‘z qarashlaridan o‘qituvchilik ufurib turadi. Mana bu ilmni o‘qituvchiga singdirish uslubi, mazkur sifatlar jamlangan adabiyotlar manbasi buyurtma asosida 1, 2, 3 qabilida yozilishi kerak. Uni eslatma kabi o‘qituvchiga rasmiy taqdim qilish kerak. Qani shu pedagog-olim, qaysi instansiyada?
Ikkinchi bir masala, “Quloqsiz” o‘quvchi mashmashasi. Men bu so‘zni bekorga ishlatmadim, negaki bu haqda hamma gapiradi, lekin yechim bermaydi. Hatto, masalani asl egasi bo‘lgan maktab psixologlari ham.
Qiziqib ko‘ring, bolalarni “aqlli” tibbiyot, ya’ni psixologlar yordamida xotirasini yaxshilash, o‘ylash tezligini oshirish, mantiqni tez-tez amalga oshirish vazifasi kimda? Bu bolani ilm olishga tayyorlash degani emasmi? Men hech kimga yukni ag‘darmoqchi emasman. Faqat birlashishimiz tarafdoriman.
Aziz hamkasblar, 2023 yilga berilgan imkoniyatdan to‘laqonli foydalansak sohamiz “qaddini rostlab” oladi. Afsonaviy ertaklarimizdagi qahramonlar bizni beparvolikka chorlab, chalg‘itish orqali uxlatib qo‘yish uchun to‘qilgan cho‘pchak. Xafa bo‘lmaylik. U qahramonlar yo‘q. Siz va biz o‘sha kutilgan qahramonlarmiz. O‘zimiz o‘z muammolarimizni bir musht bo‘lib davlatimiz rahbari rahnamoligida hal qilishga mas’ulmiz.
Mahmud Boboyorov.