Oyda Yerning kuchidan ham oshib ketadigan magnit maydoni bo‘lgan(mi?)

Zamon yaralibdiki, Oy odamzod ongini hayajonga keltirib kelmoqda. Bugungi taraqqiyot davrida ham internetda Oy to‘g‘risida ko‘plab g‘alati hodisalarni topish mumkin. Chindan, ular olimlar hali izohlay olmaydigan g‘alati anomaliyalardan tortib, fantastik fitna nazariyalargacha turlanadi.

So‘nggi bir necha yil ichida Oy tomonidan Quyoshning bir necha marta to‘liq tutilishi sodir bo‘lgan. Bu kabi hodisalarning odamlar tomonidan kuzatilishi mumkin bo‘lganining o‘zi haqiqiy mo‘’jiza. Oy tutilishini sayyoramiz yuzasidan turib to‘liq kuzatish imkonini beradigan yagona sun’iy yo‘ldosh ekanligi azaldan ma’lum. Oyning o‘lchov kattaligi esa Yerning to‘rtdan bir qismiga teng.

Bugun sayyoramizning sun’iy yo‘ldoshi haqida qiziqarli ma’lumotlar bilan tanishamiz:

- Oyning o‘rtacha diametri 3475 kilometrni tashkil etadi. U Quyosh tizimidagi eng katta sun’iy yo‘ldoshlar ro‘yxatidagi Ganimed, Titan, Kallisto va Io yo‘ldoshlaridan so‘ng beshinchi o‘rinni egallaydi.

- Oyning massasi Yer massasiga qaraganda 81 marta, hajmi esa deyarli 50 baravar kichik.

- Oy sathining maydoni 58 million kvadrat kilometrni tashkil qiladi. Bu Afrika maydonidan salgina ko‘p, Osiyo maydonidan esa kamroqdir.

- Oydan olingan namunalarning radioizotop tahliliga ko‘ra, uning Tixo nomli krateri o‘zining taniqli nurlanish tizimi bilan 108 million yil oldin, Yerda dinozavrlar hukmronlik qilgan paytda shakllangan.

- Oy bizga juda yorqin tanadek tuyuladi. Aslida sirtining aks etishi (albedo) atigi 13 foizni tashkil etadi. Bu Yerning albedosiga qaraganda deyarli uch baravar kam. Shu sabab ularning birgalikdagi fotosuratlarida Oyning ravshanligi ko‘pincha ataylab ko‘paytiriladi.

- Oyning bizga ko‘rinadigan tomonining 40 foizidan ortig‘ini dengizlar egallaydi, uning qoraygan past tekislik zonalari qotib qolgan lava qatlamlari bilan qoplangan.

- Oyning orqa tomoni ko‘rinadigan tomonidan sezilarli darajada farq qiladi. O‘rtacha u balandroq, eng katta kraterlarining aksariyati uning ustida joylashgan bo‘lib, ayni paytda u yerda faqat ikkita dengiz mavjud.

- hozirda oyda magnit maydoni yo‘q. Biroq Oy tuprog‘ining namunalari tahlili uzoq o‘tmishda uning o‘ziga xos, hatto, Yerning kuchidan ham oshib ketadigan magnit maydoni bo‘lganligini ko‘rsatdi.

- Oy atrofini aylanib uchgan birinchi tirik mavjudotlar 1968 yil 15 sentyabrda uchirilgan sobiq ittifoqining “Zond-5” kosmik kemasidagi O‘rta Osiyo dasht toshbaqalari bo‘lgan. Ularga meva chivinlari, qo‘ng‘izlar, turli xil o‘simliklar, urug‘ va mikroorganizmlar hamrohlik qilgan. O‘sha yili 21 sentyabr kuni kosmik kemaning tushiriladigan vositasi Hind okeanida muvaffaqiyatli qo‘ndi.

- Shu paytgacha faqat 12 kishi oy yuziga qadam bosgan. Tabiiy  yo‘ldoshimizga uyushtirilgan ekspeditsiyalarda 24 nafar astronavt qatnashgan.

- Oy sayyoramizdan yiliga taxminan 3,8 santimetr tezlikda uzoqlashmoqda. Taxminan 600 million yil o‘tgach, uning osmondagi ko‘rib bo‘ladigan kattalik darajasi shunchalik kamayadiki, Yerdan turib to‘liq Quyosh tutilishini kuzatishning iloji bo‘lmaydi.

Bahora MUHAMMADIYeVA tayyorladi.