"Oyoqqa turib olay..."

Mana, bugun u o‘zining yubiley yoshini nishonlayapti. Hamma farzandlaridan qutulgan, uyli-joyli qilgan. Hatto nevaralarigacha kvartiralar olib qo‘ygan. Ammo...
Ammo, bugungi yubileyiga jigarlaridan hech kim kelmadi. Nega hech kim kelmadi? U shuncha o‘ylasa ham o‘yiga yetolmadi. Balki...
U o‘zining tirishqoqligi, tinib-tinchimasligi, boy bo‘lish ilinjidagi harakatlari sabab, xususiy firma ochgach, juda ham boyib ketdi. Inson fe’li qiziq. Pul to‘plagan sari uni yanada ko‘paytirishni o‘ylarkan. Avvaligi 1000 dollar yig‘di. Keyin buni 10 ming dollarga yetkazdi. So‘ng 100 ming dollar, 1 million dollar...
U kechalari uyqudan qoldi. Dardi-fikri pul yig‘ish edi. Uning eng yaxshi ko‘rgan iborasi: "Oyoqqa turib olay, keyin yordam beraman", edi. Undan kimdir pul so‘rasa juda ham yomon ko‘rardi. Hech kimga, hatto jigarlariga ham bir tiyinlik yordam ko‘rsatmasdi... Yodida, opasining katta qizi o‘n yil befarzand bo‘lgandan keyin, yaxshi shifokor topgani, endi farzandlik bo‘lishi mumkinligi, faqat buning uchun katta mablag‘ kerak bo‘lganligi sababli pul qarz so‘rab kelganda "Hamma pulim oborotda, ololmayman", deb yordam bermagandi. Oqibatda kuyov "Boshqa kuta olmayman", deb jiyani bilan ajrashib, boshqasiga uylanib ketgandi...
Yoki bo‘lmasa, akasini zudlik bilan xorijda operatsiya qilish uchun jiyanlari qarzga pul so‘rab kelishganda bermagandi, natijada akasi ikki oyog‘idan ayrilib, nogironlik aravachasiga mixlanib qolgandi... Singlisi ham jiyanlarini kontraktda o‘qitish uchun yordam so‘raganda bermagan edi. Shu sababli birorta ham jiyani oliy ma’lumot ololmagani uchun hozir ko‘chada mardikorlik qilib yurishganini, singlisining yuragi siqilaverib, qandli diabet va gipertoniya kasalligini orttirib olgach, insult bo‘lib, bir oyog‘i va bir qo‘li ishlamay qolganini bilardi...
Ukasi ehtiyotsizlik oqibatida mashinasida odam urib yuborib, halok bo‘lgan da’vogar tomonni rozi qilish uchun akasidan yalinib qarz so‘rab kelganida bermagan edi, natijada ukasi qamalib ketib, qamoqxonadan tuberkulyoz yuqtirib chiqib, 40 yoshga ham kirmay, vafot etib ketgandi...
Qani endi bularning barini ortga qaytara olsa. Lekin afsus, vaqt yugurik... Endi jigarlariga yaxshilik qilgani bilan befoyda...
Opasining 50 yoshdan oshgan qizi farzandlik bo‘la olmaydi, ajrashgan oilasini tiklay olmaydi... Akasining kesib tashlangan ikki oyog‘i qaytadan o‘sib chiqmaydi... Insultni boshidan kechirgan singlisining sog‘ligi qayta tiklanmaydi... Vafot etgan ukasi qayta tirilib kelmaydi...
U shularni o‘ylar ekan ichini tinmay nimadir timdalardi... Nega o‘z vaqtida jigarlarimga yordam ko‘rsatmadim? Qo‘limda imkonim borida ularga yaxshilik qilmadim? Topgan-tutganimni faqat va faqat o‘zimga, oilamga, bola-chaqamga sarflab, jigarlarimni unutibmanku?! Mana, bugun boyman, badavlatman, hamma narsam bor, ammo yolg‘izman, nega?!
U o‘ziga-o‘zi berayotgan savollardan yuraklari siqilib ketdi. Yubiley bazmi avjiga chiqar, ammo unga hech narsa tatimasdi...
Behzod Hojimatov.