Millatimiz o‘zbek, tilimiz o‘zbek tili
Tilning tirikligi – xalqning tirikligidir. Tilsiz xalq yo‘q. Bizning millatimiz o‘zbek, tilimiz o‘zbek tili. O‘zbeklar ham xonligi, ham bekligi bor qadimiy xalqlardan. O‘tmishda tuman, shahar va viloyat hokimlariga saroy a’yonlariga bek degan unvon berilgan.
Tili o‘lgan xalqning o‘zi ham millat sifatida yo‘qoladi, xalq qirilishi bilan, uning tili ham o‘ladi. Til va xalq himoya qilingan tuproq- vatandir. Til xalqning belidagi belbog‘, boshidagi bayroqdir!
- Dunyoda 600 ta til mavjud bo‘lib, shundan 100 ga yaqini adabiy va milliy til maqomiga ega. O‘zbek tili ham shu yuztalikka kiradi.
- O‘z qo‘shinini asray olmagan xalq o‘zgalarning qo‘shinini boqishga majbur bo‘ladi. Til ham millatni asraguvchi qo‘shindir. Tilni ham asramoq lozim, toki o‘zgalar tiliga qul bo‘lmay turib...
- Birinchi kosmonavt kim? Ey o‘zbekning bolasi, sizlar bering, to‘g‘ri javobni: Bu Farobiy va Beruniylarga zamondosh Ismoil al–Javhariy edi. U o‘zi yasagan qanotlar bilan parvoz qilgandi.
- Har millat manglayida bitta quyosh bo‘ladi. O‘zbekning so‘z mulkidagi quyoshi – Alisher Navoiy.
Ulug‘ ijodkorlarning asarlarida ishlatilgan so‘z boyliklariga qarang: Alisher Navoiy 26 ming 35 ta, Aleksandr Pushkin 21 ming 193 ta, Uilyam Shekspir 20 mingdan ortiq, Migel de Servantes 18 mingdan ortiq, Abdurahmon Jomiy 17 mingta, Abdulla To‘qay 14 mingdan ortiq so‘zlarni o‘z asarlarida ishlatgan. Tilimizning boyligi va qudrati haqida o‘zingiz xulosa chiqarib olavering. Tildek hech bir soha yo‘qki, milliy davlat himoyasiga muhtojlik sezmasin. Jahon lisoniy musobaqasida Mir Alisher Navoiy hazratlarining birinchi o‘rinni egallashida Sulton Husayn Boyqaro o‘zbek(turkiy)tiliga davlat tili maqomini berish haqidagi chiqargan farmonining hissasi borligi shubhasizdir.
Dunyoni cheriksiz olgan til,
Tillarga bek bo‘lib qolgan til.
Xosiyatli o‘zbek tilimsan,
Millatim, Vatanim, dilimsan!
Allohim, shukrlar bo‘lsinki, SO‘Z degan dargohing bor. Shukrlar bo‘lsinki, mening qalbimga bu dargoh diydori nasib etmish. Bu dargohdan tergan injularim birla qalbimni ta’rif etdim.
Onamga, otamga mehrimni izhor qilmoq saodatiga musharraf bo‘ldim.
Men Vatanni madh etsam, qo‘shilib hamma sevdi.
Men raqibni fosh qilsam, hamma uni yomon ko‘rdi.
Men yor sevsam, undan boshqa hamma ishondi. Dili ishqdan yaralar qo‘shilib yig‘ladi.
Bolalarim vujudiga mehrimga qo‘shilib, rizqiga qo‘shilib, so‘zlarim ham indi. So‘zlarim allaga aylangan choqda butun dunyo orom oldi.
Shunday so‘zlarni topdimki, kuldirdim, yig‘latdim, ohlar urdirdim, tavba qildirdim, ishontirdim, ovutdim...
Tangrim, meni so‘z izlash azobiga muyassar etganing uchun shukr. So‘zlarni yenganim sari menikiga aylandi. Yengolmagan so‘zlarga asir bo‘ldim. G‘oliblik va asirlik aro yashayman to so‘nggi damgacha...
Yurakni so‘zga topshirmoq – shoirning qismati. Endi azoblarga tayyor tur ko‘ngil. Goho yolg‘iz yuragimizni gapimizga ko‘ndirolmay azob chekamiz. Millionlab yuraklarga umid bermoq, ularni boshlamoq, naqadar azobligini tasavvur qila olasizmi?!
Til sehri
Kim kim bilan, bilmadim,
Men so‘z bilan kurashdim.
Gohi olov bo‘ldi ul,
Goh muz bilan kurashdim.
Goho olib zabtimga,
Osmonlarda oy bo‘ldim.
Non tutgandek kaftimda,
Men hammadan boy bo‘ldim.
Nimta – nimta yurakni,
So‘z bo‘lmasa netardim.
Aytolmayin dardimni,
Gunglar bo‘lib o‘tardim.
So‘zdir mening dugonam,
Ham sirdoshim, ham singlim.
Ham bolamu ham onam,
Goh but, goh yarim ko‘nglim.
So‘z mening o‘tgan umrim,
So‘z, jonim asragan jon!
Dilimda yo‘lbars kabi,
Hayqirib turgan Vatan!
Ikki qishloq chavandozlari ko‘pkarida bir-biri bilan arazlashib, otlari kabi asov yigitlarning har biri o‘zinikini ma’qul qilib, katta janjalning hidi kelib turgan chog‘, yoshi kattalar bu noma’qulchilikdan xavotir qilib turgan chog‘, Ergash Jumanbulbul do‘mbirasi bilan davra o‘rtasiga chiqqan ekan. So‘zning qudrati, do‘mbiraning sadolari bilan qizishmaning taftini bosgan ekan. Bir –biriga qoni, joni qo‘shilib ketgan ikki qishloqning yigitlarini yarashtirib qo‘ygan ekan.
***
Xatirchi muzofotiga chigirtka balosi bostirib kirib, o‘tgan izlari qop–qora bo‘lib, na ekin-tikin, na dov-daraxt qolmay birday kemirib ketayotgan damda, kurashchilar davrasiga nafaslari o‘t baxshi Ergash Jumanbulbul o‘g‘li ukasi bilan kelib qo‘shilgan, chigirtka daryosi bilan olishayotgan xalqni ruhlantirib turgan ekan. Kurash xalqning g‘alabasi bilan tugagan ekan.
***
Elatlardan elatlarga tuyalar karvonida, otlar uyurida, kabutarlar tumshug‘ida oltindan qimmat maktublar uchgan. Donolik bilan bitilgan so‘zlar qilichning kuchi yetmagan muammolarni hal qilgan.
***
Tarixda bunday misollar juda ko‘p. Jaloliddin Manguberdining alamli tarixini yozgan muarrixning bitiklarida bir voqea sharhi bor: Jaloliddinning mislsiz jasorati Chingizxonni tashvishga solgan paytlar edi. Uning yigitlari faqat yengib chiqishga qodirligidan binolari baland edi. Bir jangda yigitlari gijinglab turgan Qorabayir zotli otni qo‘lga kiritadilar. Ikki nomdor lashkarboshisi shu otni talashib qolishadi. Har qaysisi otni o‘ziga olishni istaydi. Sarkardalarning yoshi ulug‘, Jaloliddin yosh yigit edi. Bir –biri bilan urushib qolgan sarkardalarni yarashtirolmaydi. Yigitlarini olib, ikki yoqqa ketgan lashkarboshilar oxiri yengilib, halokatga uchraydilar. Ularsiz qolgan Jaloliddin ham mag‘lubiyatga uchraydi...
Eh, o‘shanda ikki ochko‘z lashkarboshini yarashtirgich so‘z bo‘lsa edi! Uni topib aytgich shoir bo‘lsa edi, Jaloliddin Manguberdining tarixi boshqacha yozilarmidi?! Shu armon hamisha mening nozik yelkamdan bosadi. Shoiri yo‘q el elmi, qo‘shiqsiz bosilgan yo‘l yo‘lmi? Shoiri yo‘q yurtning g‘ururini, orini kim kuylaydi? Polvonlarini kim alqaydi? Yurtini ayash o‘rniga, yiqilganlarni suyash o‘rniga bir –birini yiqitib ketgan botirlarni kim yo‘lga soladi? Jangga kirayotgan alplarning diliga kim shiddat va muhabbat alangasini joylaydi?!
Agar ilgariroq tug‘ilganimda, ikki lashkarboshini yo‘ldan qaytarish uchun nimalar deb bo‘zlardim!?...
Otlarining tuyog‘ida Vatan ketdi ayrilib,
Or – nomusi bukilib otang ketdi qayrilib.
Arazlama, ortingga qayt, botirim
Vatanim deb bir marta ayt, botirim.
Ketma botir, yoring kimga qoladir,
Oqsoch onang –zoring kimga qoladir.
Bazmu jamshid qilar kunlar kelganda,
Qo‘lingdagi toring kimga qoladir?
Onangdan ham ot yaxshimi, botirim,
Otangdan ham ot yaxshimi, botirim,
Otni minib chopar joying qayda bor,
Vatandan ham ot yaxshimi, botirim?!
Tilim chiqqan damlardan boshlab, so‘z izlash qismatiga duchor bo‘ldim. So‘zlar kitoblarga yozilishini anglagan kunlardan va kitob maktabda o‘qitilishini bilganimdan boshlab, maktabga borishni orzu qildim. Olti yoshimda yetti yoshlik dugonamga ergashib, maktabga bordim. Orzularimni anglatishga tilim kelishmay, yig‘ladim. So‘zlarni izlab, maktab kutubxonasiga, qishlog‘imiz kutubxonasiga, so‘ng tuman kutubxonasiga qatnadim. Kitoblar mo‘’jizaday tuyular edi. Sigir boqqani chiqsam ham kitob o‘qirdim. Dalaga ishga chiqsam ham kitob o‘qirdim.
Bu odatim sira qolmadi. Aytaversam, uzoqqa ketib qolaman. O‘choqqa o‘t yoqsam ham, beshik tebratsam ham o‘qirdim, tashnalik bilan o‘qirdim...
Keyin Murodulla akajonim meni dugonalarim bilan Toshkentga o‘qishga olib bordi. Bizlar talaba bo‘ldik. O‘qishimizni sirtqi bo‘limga ko‘chirib, bir yildan so‘ng, qishloqqa qaytdik.
Matematika fanidan dars berganimda ham, yigirma besh yoshimda o‘rta maktabda direktor bo‘lib ish boshlaganimda ham so‘z sehri meni tark etmadi. O‘zbek tilimning rango-rang jilolari, ohanglari xalq bilan, o‘quvchilarim bilan dillashuvimga, tillashuvimga imkonlar berdi. So‘ng so‘z ortidan Samarqandga ko‘chib keldim. Bu yerda so‘z ustalarining, ustozlarning suhbatlarini oldim. Yaratgan meni so‘z izlash baxti va mashaqqatlariga duch qildi. Yozganlarimda bu tuyg‘ular haqida aytdim:
Sovchilar uyma-uy qiz izlab yurar,
Ovchilar qirma-qir iz izlab yurar,
Har kimni har ko‘yga solmish xudoyim,
Shoirlar dilma-dil so‘z izlab yurar.
Mashrabni sirtmoqqa solgan ham shu so‘z,
Qodiriy erkini olgan ham shu so‘z,
Haq uchun boshini nohaqqa berib,
Odamdan odamga qolgan ham shul so‘z.
Garchand tovonlarni kuydirgaydir cho‘g‘,
Garchand ko‘ksimizni izlab yurar o‘q,
So‘z izlab kelganmiz bizlar dunyoga,
Shu so‘zni topmayin oromimiz yo‘q!
Xosiyat BOBOMURODOVA, shoira.