“O‘zbegim o‘g‘lidurman, tojigim gufto pisar”

Ko‘pchilikka yod bo‘lib ketgan bu satrlar o‘zbek va tojik adabiyotining yirik vakili, taniqli shoir, jurnalist O‘lmas Jamol qalamiga mansub.

O‘zbek va tojik xalqlarining ardoqli farzandi, g‘azalxon shoiri hayot bo‘lganida bugun 90 yoshga to‘lardi. Sana munosabati bilan O‘lmas Jamol tug‘ilib o‘sgan Urgut tumanida madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston va Tojikiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, adabiyotshunos olimlar, davlat va jamoat arboblari, shoirning oila a’zolari va yaqinlari, adabiyot ixlosmandlari ishtirok etdi.

Dastlab shoir yashagan xonadonda O‘lmas Jamol yod etilib, uning haqiga Qur’on tilovat qilindi. Uy eshigi yonida shoir haqida ma’lumot beruvchi lavh o‘rnatildi.

Shundan so‘ng tumanning Mergancha massivida O‘zbekiston va Tojikiston hamkorligida bunyod etilgan 154-umumta’lim maktabida adabiy-ma’rifiy kecha o‘tkazildi.

Oliy Majlis Senati a’zosi, jurnalist, yozuvchi va shoir Farmon Toshev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoira Xosiyat Bobomurodova, “Vatandoshlar” jamoat fondi raisi Odiljon Sattorov, Tojikistondagi “Xalq ovozi” gazetasi bosh muharriri Yoqubjon Abdumannonzoda va boshqalar O‘lmas Jamolning adabiyot, o‘zbek va tojik she’riyati rivojiga qo‘shgan hissasi haqida so‘z yuritdi, shoirning ikki xalq do‘stligini yanada mustahkamlashga qo‘shgan hissasini e’tirof etdi.

– O‘lmas Jamol O‘zbekistonda tug‘ilib, Tojikistonda kamol topdi, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi rahbari Toshpo‘lat Tugalov. – Shu bois u bir umr o‘z ijodida ikki xalqni, do‘stlik va yaqin qo‘shnichilikni tarannum etdi. Toshkent va Dushanbe nashriyotlarida shoirning o‘ndan ortiq kitoblari chop etilgan. O‘lmas Jamol “Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvoni, “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan. Shuningdek, Abulqosim Lohutiy nomidagi mukofot laureati. Shoirning she’rlari hamon o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi abadiy va azaliy do‘stlikning muqaddas madhiyasi bo‘lib jaranglamoqda. Ikki millat adabiyotining taniqli vakili bo‘lgan O‘lmas Jamol “ikki chaman bulbuli”, “o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi ko‘prik” kabi sifatlar bilan ta’riflanadi.

Tadbirda Samarqand davlat universiteti Urgut filiali talabalari va 154-maktab o‘quvchilari tomonidan shoir she’rlaridan namunalar o‘qildi. O‘zbekiston va tojikistonlik san’atkorlar tomonidan xonandalar O‘lmas Jamol she’rlari asosida yaratilgan qo‘shiqlar ijro etildi.