O‘zbek astronom olimi, Qarnab qishlog‘ilik Bobomurod Ahmedov Islom dunyosi fanlar akademiyasi a’zosi bo‘ldi
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Astronomiya instituti laboratoriya mudiri, fizika-matematika fanlari doktori, professor, Butunjahon fanlar akademiyasining akademigi Bobomurod Ahmedov Islom dunyosi fanlar akademiyasi ((Islamic World Academy of Sciences, IAS)ning a’zosi etib saylandi.
2020 yilning 1 dekabr kuni Iordaniyaning Ummon shahrida Islom dunyosi fanlar akademiyasining Bosh assambleyasining 22-yalpi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda yangi a’zolar, shu qatorda o‘zbekistonlik olim Bobomurod Ahmedov ham saylandi.
Asli Samarqand viloyati, Paxtachi tumani, Qarnab qishlog‘idan bo‘lgan B.Ahmedov bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Astronomiya instituti nazariy astrofizika laboratoriyasi mudiri sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. U asosan umumiy nisbiylik nazariyasi, gravitatsiya nazariyasi, relyativistik astrofizika va kompakt gravitatsion ob’yektlar fizikasi sohasida ilmiy tadqiqotlar olib boradi. U maydon nazariyasi, gravitatsion o‘zaro ta’sir nazariyasi, relyativistik va yadro astrofizikasi sohasidagi ilmiy-tadqiqotlar va pedagogik tajribaga ega. U shu sohalarda 200 dan ortiq ilmiy nashrlarning muallifi hamda xalqaro Scopus va Google ma’lumotlar bazasida Xirsh indeksi mos holda 27 va 32 ga teng bo‘lgan mamlakatda ilmiy ishlariga eng ko‘p havola qilingan mualliflardan biridir.
2018 yilda "Yil olimi - 2018" tanlovi g‘olibi bo‘lgan Bobomurod Ahmedov bugungi kunda Dehli markaziy universitetining faxriy professori, Xalqaro nazariy fizika markazi (Italiya)ning relyativistik astrofizika va gravitatsiya fan yo‘nalishlari a’zosi va mintaqaviy koordinatori, Hindistondagi Astronomiya va Astrofizika universitetlararo markazi va Tata fundamental tadqiqotlar instituti a’zosi. Shu bilan birga CNR, DAAD, TWAS, ICTP, Volkswagen, Erasmus+, KFUPM, PIFI, NATO kabi xalqaro grantlar rahbari, "Arabian Journal of Mathematics" ilmiy jurnali muharriri, “O‘zbekiston fizikasi” jurnali bosh muharriridir.
B.Ahmedov O‘zbekistonda relyativistik astrofizika bo‘yicha yangi ilmiy maktab yaratgan. U yurtimizda va xorijiy ilmiy maskanlarda fan doktorlari va fan nomzodlari ilmiy darajalariga ega xalqaro miqyosda tan olingan va iste’dodli yosh olimlarning ulkan jamoasini tarbiyalagan.
Ma’lumot o‘rnida: Islom dunyosi fanlar akademiyasi (IAS) Iordaniyaning Ummon shahrida joylashgan. Akademiya 1986 yilda Islom mamlakatlarining barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun fan va texnologiyalarni targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan. IAS akademiyasi, shuningdek, Islom Hamkorlik Tashkilotining (IXT) Ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha doimiy qo‘mitasi hisoblanadi. Uning a’zosi bo‘lish har bir olimning dunyo hamjamiyati tomonidan tan olinishini anglatadi.