O‘zbek madhiyasi

Madhiyasi bo‘lar har bir davlatning,
Navosi turlicha – jarangdor, mayin.
Inson yuksalishin sezar savlatning,
Qalbi ulg‘aygandek eshitgan sayin.

Nahotki, bor bo‘lsa taronada sir,
Yangrasa yurakni chulg‘ar hayajon.
Tosh qotar, ohangga bo‘lgandek asir,
Sukutga cho‘kadi jumlai-jahon.

Jo yurtning tarixi o‘n ikki baytda,
Va, buyuk kelajak – shonli-shavkatli.
Kezadi madhiya yangragan paytda
Sohibqiron ruhi – botir, shafqatli.

Ilmning o‘chog‘i ko‘hna To‘ronim,
Al jabr – taraqqiyot sari ixtiro.
Alp qaddingni bukdi g‘aflat so‘roni,
Ne ko‘ylarga soldi xurofot, sho‘ro.

Yurtim bugun yana qaytding aslingga,
Dur-oltin o‘z nomi bilan atalsin.
Faqat havas qilmay endi vaslingga
Dono elingga ham o‘qirlar tahsin.

Amalga oshgaydir har yaxshi niyat,
Ertasi porliqdir jumla-jahonning.
Qaddini ko‘tarsin butun bashariyat,
Madhiyasi yangrar O‘zbekistonning.

Xurshid NURULLAYeV.