O‘zbek olimining kitobi xorijda chop etildi
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti o‘qituvchisi, siyosiy fanlar doktori Baxtiyor Omonovning “Jamiyatni modernizatsiyalashning konseptual asoslari (G‘arb va Sharq islohotlari qiyosiy tahlili)” monografiyasi rus tilida “Konseptualnie osnovi modernizatsii obщyestva (Sravnitelniy analiz reform Zapada i Vostoka)” nomi ostida Polshaning taniqli “Iscience” nashriyotida chop etildi.
Aslida bu asar “Siyosiy modernizatsiyalash modellari va O‘zbekiston tajribasi” (2012) nomli kitobining mantiqiy davomi.
Kitob to‘rtta bobdan iborat bo‘lib, “Jamiyatni modernizatsiyalashning nazariy-metodologik asoslari” nomli birinchi bobida modernizatsiya tushunchasi mazmun-mohiyati, modernizatsiya jarayoni zarurati, inqirozlari va rivojlanish tendensiyalari; “Jamiyatni modernizatsiyalash asosiy tamoyillari va mezonlari” bobida jamiyatni modernizatsiyalashning genezisi va tadrijiy takomillashuvini belgilovchi omillari, siyosiy modernizatsiya tarkibiy tuzilmalari, tamoyillari va mezonlari, modernizatsiya konsepsiya va modellari siyosiy-falsafiy jihatdan tahlil qilingan. “Modernizatsiya konseptual modellari shakllanishi siyosiy-falsafiy jihatlari” nomli uchinchi bobida Yevropa jamiyatlarida modernizatsiyalashning iqtisodiy samaralari va muammolari, Markaziy va Janubi-sharqiy Osiyo davlatlarida modernizatsiya sharqona modelining namoyon bo‘lishi, Postsovet respublikalarida demokratik qadriyatlar shakllanishining o‘ziga xos yo‘li hamda “O‘zbekistonda jamiyatni modernizatsiyalash: barqarorlik va ijtimoiy rivojlanishning bosh omili” deb nomlangan to‘rtinchi bobida O‘zbekistonda siyosiy modernizatsiya jarayonining hozirgi ahvoli va istiqbollari, modernizatsiyalash va milliy o‘zlikni anglashda fuqarolik jamiyati institutlarining tutgan o‘rni, Harakatlar strategiyasi – milliy taraqqiyotning takomillashgan konseptual modeli kabi masalalar ilmiy yoritilgan.
Monografiyada Yevropa, Lotin Amerikasi, Markaziy, Janubi-sharqiy Osiyo va postsovet mamlakatlari (o‘ttizdan ziyod davlat)da kechayotgan murakkab modernizatsiyalash (yangilanish, zamonaviylashish) jarayonlarining siyosiy-falsafiy jihatlari chuqur tahlil etilgan, yigirmaga yaqin qiyosiy jadvallar keltirilgan, jahondagi ushbu dolzarb muammoga tegishli ilmiy xulosalar, amaliy takliflar va tavsiyalar o‘rin olgan.
Kitob oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, katta ilmiy xodimlari, tadqiqotchilar, davlat hokimiyati va nodavlat tashkilotning mas’ul rahbarlari, siyosiy partiyalar hamda modernizatsiyalash masalasiga qiziquvchi keng o‘quvchilar ommasiga mo‘ljallangan.
Baxtiyor Omonovning asarlari oldin AQSh, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Turkiya, Ukraina, Qozog‘iston kabi o‘nlab davlatlarda e’lon qilingan.
A.Suyunov.