O‘zbek urug‘lari: Naymanlar haqida nimalarni bilasiz?

Mashhur olim A.Grebenkinning XIX asrning 70-yillarida yozgan ma’lumotlariga ko‘ra, Zarafshon vohasi atrofida o‘zbek naymanlari yashaydigan 63 ta qishloq bo‘lgan. Shuningdek, ular Farg‘ona vodiysi va Xorazmda ham keng tarqalgan. 1920-1924 yillarda aholi tarkibiy qismi o‘rganilganda, O‘zbekistonda naymanlar 53 ming kishini tashkil qilgan.

Olimlar naymanlarni uch guruhga bo‘lishgan: o‘zbek naymanlari, qozoq naymanlari, qirg‘iz naymanlari.

O‘zbek naymanlari XIX asr oxirida 3 ta yirik urug‘ga bo‘linadi. Bular – Qo‘shtamg‘ali, Sadirbek, Uvoqtamg‘ali. Naymanlarda boshqa urug‘ bo‘linishlari ham bo‘lgan: ag‘ron, ayronchi, badir, biya, bog‘onali, boltali, bo‘qalay, burunso, jag‘olbayli, jostovon, jilonji, jumoloq, olti ota, olti o‘g‘il, oq to‘nli, po‘latchi, sagiz uruv, sari nayman, to‘rt ul, to‘rt tamg‘ali, urguch, ukrash, changoli, go‘michli, qozoyoqli, qora nayman, qora gadoy, qora sirak, qorg‘oli, qiltamg‘ali va boshqalar.

Qozoq naymanlari hozirgi Semipalatinsk viloyati Irtish daryosi bo‘ylarida, Yettisuv, Akmolinsk viloyatlarida, Sirdaryo atroflarida yashab, dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanganlar.

Ular terstamg‘ali yoki ketabuka, sori jo‘mart yoki ergenekti, tolegenoy, el ota, kelbuka, boltali, bag‘onali, sugurshi, ko‘k jarli, qaratay, bura, korakrey, matay, sadil, to‘rt ul va boshqalarga bo‘linadi.

Qirg‘iz naymanlari bog‘ish qabilasi tarkibida bo‘lib, chayqas, bayastan, iray, bekboto, sariboy, joosan, sarimsoq, taygu, sadirboy, beshkempir va boshqa urug‘larga bo‘linib ketadi.

O‘zbek va qozoq xalqlari tarkibida naymanlar urug‘ining nomlarida o‘xshashliklar bor. Bundan xulosa shuki, naymanlarning barcha guruhlari juda qadimda bir bo‘lgan.

Naymanlarning kelib chiqishi haqida aniq ma’lumotga ega emasmiz. Ba’zi olimlar - I.Berezin, V.Bartold, B.Vsatimirsevlar naymanlarning entogenezini mo‘g‘ullar bilan bog‘laydi. Ular nayman so‘zining etimologiyasini berishda mo‘g‘ulcha “sakkiz qabila” atamasini o‘z fikrlariga dalil qilib ko‘rsatadilar.

Ikkinchi guruh olimlar - N.Aristov, X.Xovorst, S.Amanjolovlar naymanlarni turk deb hisoblaydi. Sharq qo‘lyozmalarida, O‘rxun yozuvlarida “sakkiz o‘g‘uz” qabila ittifoqi tilga olingan. Kidanlar tomonidan sakkiz o‘g‘uzlar tobe etilgan. Mo‘g‘ul bo‘lmagan, avvaldan sakkiz o‘g‘uz deb ataluvchi qabila birligini kidanlar nayman deb atashgan. Demak, naymanlar qabilasi nomini kidanlar qo‘ygan. Demak, naymanlar qadimiy turkiy xalqlardan bo‘lgan.

VIII asr o‘rtalarida naymanlarda chorvachilik, dehqonchilik rivojlanib, ular O‘rxun Qora Irtish daryosi atrofini egallagan. Keyinchalik ular yerlarini kengaytirib, Hangay va Oltoygacha bo‘lgan yerlarga egalik qilgan.

Ular sharqdan kerayitlar, shimolda qirg‘izlar, g‘arbda qang‘lilar, janubda uyg‘urlar bilan qo‘shni bo‘lishgan. Naymanlarning eng kuchaygan davri XII asrga to‘g‘ri keladi. Markaziy Osiyoda o‘z hukmronligini o‘rnatishadi. Naymanlar davlati XII asr boshigacha, mo‘g‘ullar bosib olguncha mavjud bo‘lgan.

Naymanlarning ikkinchi nomi yuqorida tilga olingandek “sakkiz o‘g‘iz” deb atalgan. 1143 yilda ularning bosh kenti Qayloq shahri bo‘lgan. Ular davlatining ilk hoqoni Inonch Bilakaburg‘axon bo‘ladi. Bilakaburg‘axonning Tayanxon va Bo‘yruqxon ismli ikki o‘g‘li bo‘lgan. Tayanxonning olti o‘g‘li bo‘lib, davlatining poytaxti Jorshe-Naur degan Qoraqurdiga yaqin joyda joylashgan. XII asr oxirida Chingizxon boshliq mo‘g‘ullar naymanlar davlatiga hujum boshlaganlar. Urush taxminan 20 yil davom etgani tufayli naymanlarning ancha qismi qirilib ketgan. Tayanxon bor quvvati, shijoati bilan butun bir qabilani ergashtirgan.
1204 yilda katta urushda Tayanxon halok bo‘ladi.

Mo‘g‘ul imperiyasi tarkibiga kirgan mamlakatlar ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining juda orqada qolishiga sababchi bo‘lgan. Mo‘g‘ullar qattiq intizomli, yaxshi qurollangan, o‘zining jangovar sifatlari bilan nayman qo‘shinlaridan ustun edi.

Naymanlarning yengilishiga ichki nizolar ham sabab bo‘lgan. Naymanlarning bir qismi mo‘g‘ullarga bo‘ysungan. Irtish daryosi atrofida yashagan, bo‘ysunmas naymanlar Balxash ko‘li atrofidagi cho‘llarda, Sirdaryo, Irtish daryolari bo‘ylarida, Ulug‘tog‘ etaklarida yashagan.

Afg‘onistonning Balx viloyatida ham naymanlar yashagan. Ular keyinchalik Xorazm va Movarounnahrga kelib o‘troqlashgan.

Qozog‘iston cho‘llaridagi naymanlar o‘zbek urug‘lariga qo‘shilib ketgan. O‘zbeklarning urug‘lari ba’zi manbalarda 96 ta, ba’zilarida 92 taga ajratilgan. O‘zbeklarning 92 urug‘i haqidagi manbalarda naymanlar ro‘yxatda o‘ninchi-o‘n birinchi o‘rinni egallagan.

Ular Amir Temur saroyida obro‘-e’tibor qozongan, harbiy-siyosiy tadbirlarda bevosita ishtirok etgan. Shayboniyxonning bobosi Abulxayrxon saroyida ham naymanlar jiddiy lavozimga tayinlangan.

Ashtarxoniylar hukmdori Nodir Muhammadxon davrida saroyda o‘tkazilgan ba’zi mashvaratlarda tartib-qoidalarga muvofiq, yuqori o‘rinlarni nayman hamda qo‘ng‘irot qabilalari oqsoqollari egallagan.

XII asrda naymanlar asosan Jarshil-Naur shaharchasida yashagan. Aholisi gavjumlashgach, ichki va tashqi savdosi rivoj topgan, qishloq xo‘jaligiga bo‘lgan talab oshib borgan. Har bir yer egalarining 30 tadan hatto 100 tagacha maxsus askar yigiti bo‘lgan.

Naymanlar hukmron bo‘lgan davrda karvon yo‘llari, rabotlar, qal’alar, ko‘priklar, shaharlarda masjid va madrasalar, bog‘u bo‘stonlar barpo etilgan.

Urgut tumanida joylashgan Oqrach qishlog‘i o‘zbek va qozoq naymanlarining ziyoratgohiga aylanganligi sabab ularning asotirlarida keltirilgan umumiy ajdodlarining qabri joylashgan. 2012 yil o‘zbek va qozoq naymanlari hamjihatlikda qabr ustiga yodgorlik o‘rnatishgan.

2003 yildan buyon har yili kuz faslining sentyabr oyi oxirgi o‘n kunligida Qozog‘iston naymanlari fikr almashish, dildan suhbat qilish, urug‘ning asoschisini xotirlash uchun Qizil O‘rda viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani Abdug‘appor ovuli tomon yo‘l oladi. Nayman ota qabri aynan shu ovulda joylashgan.

Hozirgi paytda naymanlarning asosiy qismi Samarqand viloyatining Past Darg‘om, Urgut, Payariq, Oqdaryo, Kattaqo‘rg‘on, Narpay, Ishtixon, Paxtachi, Qo‘shrabot, Nurobod, Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida, Jizzax viloyatining Zomin, Forish, Paxtakor tumanlarida istiqomat qiladi. Shuningdek, Rossiya, Mongoliya, Xitoyning Shinjon uyg‘ur okrugi, ichki Mo‘g‘uliston avtonom tumanida millionlab naymanlar umrguzaronlik qilmoqda.

Abduxoliq Bobomurodov,
Jizzax viloyati Forish tumani,
xalq ta’limi a’lochisi.