O‘zbek xalqining munosib farzandi edi...
Musa Yerniyazovning o‘limi haqidagi mash’um xabarni eshitib yuragim larzaga keldi.
U kishining xalqimiz, davlatimiz oldidagi xizmatlari, ayniqsa Qoraqalpog‘iston diyorining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi ulkan xizmatlari haqida uzoq yillardan buyon xabardorman.
Musa aka bilan yuzma-yuz tanishishim 2019 yil Mustaqillik bayrami arafasida, davlatimizning oliy mukofoti - “O‘zbekiston Qahramoni” oltin yulduzini olish marosimida kechdi. Birinchi bo‘lib Musa Tajetdinovichning ko‘kragiga oltin yulduz qadaldi. U kishi yuksak mukofotni olib shunchalik samimiy so‘zladiki, barchamiz bu insonni sevib qoldik.
Qariyb 20 yildan beri sevimli o‘lka – Qoraqalpog‘iston Respublikasiga rahbarlik qildi, haqiqiy yurt otasiga aylandi. Uning mehnat faoliyati bilan tanishib, Vatan va xalq farovonligi yo‘lida qilgan samarali mehnatiga qoyil qolasan kishi. Qoraqalpoq elining gullab yashnashi, xalqining farovonligi yo‘lida qilgan beqiyos mehnati unga shuhrat keltirdi.
Shu bilan birga, Musa Tajetdinovich 40 yildan ziyod turli lavozimlardagi jo‘shqin mehnati bilan yuksak unvon va mukofotlarga sazovor bo‘ldi. Halol mehnat bilan topilgan obro‘-e’tibor asrlarga daxldor bo‘lg‘ay.
Hasan Normurodov,
O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati a’zosi.
***
Bugun bu inson haqida ko‘nglimdan shunday o‘ylar o‘tmoqda: Musa Yerniyazov nafaqat qoraqalpoq elining, balki o‘zbek xalqining haqiqiy vatanparvar, mard va jasur farzandi edi.
Men Musa Tajetdinovich bilan bir necha marta suhbatlashganman. Turli yig‘inlarda birga bo‘lganman.
Bugun barcha qoraqalpog‘istonliklar Musa Yerniyazov nomi bilan haqli ravishda faxrlanadi. U qayerda, qanday lavozimda ishlamasin, o‘z xalqiga, vataniga halol xizmat qildi.
Musa Yerniyazov olimlarni, ijodkorlarni juda qadrlardi. Shuning uchun ham u kishi rahbarligi yillarida qoraqalpoq ilm-fani taraqqiy etdi. Nukusda ko‘plab oliy o‘quv yurtlari va filiallar tashkil etildi. Bunyodkorlik ishlari yuksaldi, odamlarning turmushi farovonlashdi. Respublika hududida yuzlab yangi korxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Eng muhimi, u bir umr Prezidentga, davlatga, xalqqa sadoqat bilan xizmat qildi. Mustaqillikni mustahkamlash, xalqni rozi qilish yo‘lida butun umrini bag‘ishladi. U vatan va xalq uchun og‘ir va sinovli bo‘lgan davrlarda ham to‘g‘ri qarorlar qabul qilishi bilan alohida e’tirofga sazovor edi.
Rustam Xolmurodov,
Samarqand davlat universiteti rektori, professor, Oliy Majlis Senati a’zosi.