«O‘zbekiston-2030» strategiyasi ijrosi bo‘yicha Samarqandda qanday ishlar amalga oshirilgan?
Prezidentning 2024 yil 21 fevraldagi «O‘zbekiston-2030» strategiyasini «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoniga asosan, energiya resurslarini iqtisod qilish, transport xizmatlari, yo‘l infratuzilmasi, aholining ichimlik suv ta’minotini yaxshilash, aholini uy-joylar bilan ta’minlash, yashillik darajasini oshirish hamda maishiy chiqindi xizmatlari sifatini oshirish kabi bir qator vazifalar aniq belgilab berilgan.
Viloyat hokimligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, strategiyada belgilangan vazifalar ijrosi yuzasida bir qator ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, «Yashil iqtisodiyot»ga o‘tish, uning asosi bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish ko‘rsatkichlarini keskin oshirish bo‘yicha viloyatda 84,2 MVt, shundan ijtimoiy soha ob’yektlariga 17 MVt, mahalliy tadbirkorlik sub’yektlarida 44,6 MVt, aholi xonadonlariga 22,1 MVt va yangi qurilgan ko‘p qavatli uy-joylarning tom qismiga 0,5 MVt quyosh panellari o‘rnatilgan.
Mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan samarali chora-tadbirlar natijasida joriy yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining jami iste’moldagi ulushi 8,9 foizga yetkazilgan.
O‘zbekiston Respublikasining global transport-logistika tarmoqlariga integratsiyasini chuqurlashtirish va milliy transport tizimining salohiyatini oshirish bo‘yicha joriy yilning o‘tgan davrida 352,3 million nafar yo‘lovchiga transport xizmatlari ko‘rsatilib, yo‘lovchi tashish xizmatlari hajmi 104 foizga yetkazilgan.
Hududlarni kompleks rivojlantirish, urbanizatsiya strategiyasini amalga oshirish, aholini arzon uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha viloyatda 11300 ta xonadonli 182 ta uy-joy qurilishi belgilangan. Mazkur reja asosida bugungi kunga qadar 3797 xonadonli 62 ta uy-joy foydalanishga topshirilgan.
Shuningdek, Bulung‘ur va Urgut tumanlaridan tashqari Toyloq tumani va Samarqand shahrida «Yangi O‘zbekiston» massivlari qurilishi boshlandi.
Yangi uy-joylar qurilishi natijasida yil yakuniga qadar urbanizatsiya darajasini 37,5 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Umuman, joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda 9 trillion 147 milliard so‘mlik qurilish-pudrat ishlari amalga oshirildi.
Aholining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 492,1 kilometr suv tarmoqlari va 93 ta suv inshooti qurilib, aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 77,6 foizga yetkazilgan.
Shuningdek, 2024 yilning yanvar-noyabr oylarida shahar va qishloqlardagi mahallalarning 3 ming kilometr uzunlikdagi ichki avtomobil yo‘llarini asfaltlash va shag‘allashtirish ishlari amalga oshirildi.
Bundan tashqari, «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida joriy yilning bahor mavsumida 11,6 million tup (rejaga nisbatan 114 foiz) manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlari ekilgan bo‘lsa, kuz mavsumida 6,5 million tup ko‘chat o‘tqazildi.
Bahorda 36 ta yirik sanoat korxonasi tomonidan o‘z va tutash hududlarida 87 ming tup, kuzda esa 51 ming tup ko‘chat ekilib, «yashil belbog‘»lar yaratildi.
Viloyatda bu kabi tadbirlar orqali yashillik darajasi 8,7 foizga yetkazildi.
Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari sifatini yaxshilash bo‘yicha viloyatdagi 1126 ta mahalladan 1123 tasi qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari bilan qamrab olingan. Chiqindilarni qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi 19 ta tadbirkorlik sub’yekti tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida 24 ming 272 tonna polimer mahsulotlari, qog‘oz-karton chiqindilari qayta ishlanib, chiqindilarni qayta ishlash darajasi 38 foizga yetkazildi.
Asosiysi, Ishtixon hamda Jomboy tumanlaridagi 2 ta maishiy chiqindi poligoni yopilib, maishiy chiqindi poligonlarini qisqartirish darajasi 7,5 foizga yetkazildi.
Atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish, uning tabiiy tarkibini saqlashga oid keskin choralar ko‘rish bo‘yicha viloyatdagi 7 ta sanoat korxonasida lokal oqova suv tozalash inshootlarini qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirildi.
Yoqubjon Marqayev tayyorladi.