O‘zbekiston aeroportlarida mustaqil o‘zini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi joriy etildi
Yurtimizdagi barcha xalqaro aeroportlarga bosqichma-bosqich yo‘lovchilarning mustaqil o‘zini ro‘yxatdan o‘tkazish Self Check-In zamonaviy tizimi joriy qilinmoqda.
Bu tizim havo transporti kommunikatsiyalari va axborot texnologiyalari sohasida dunyoda yetakchi - SITA kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, shu kunlarda Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida 4 ta shunday kiosklar o‘rnatildi.
O‘zini-o‘zi ro‘yxatdan o‘tkazish Self Check-In xizmati orqali yo‘lovchilarning ro‘yxatdan tez va oson o‘tishlari ta’minlanadi. Samolyotning istalgan o‘rindig‘idan joyni band etish va bir vaqtning o‘zida joylashish haqidagi talonni ham olish mumkin.
Sayohatga otlanganlar yuklarini kioskdan mustaqil ro‘yxatdan o‘tkazib, parvozdan avval ularni tegishli xizmatlarga topshirish imkoniyatlari mavjud.
Pandemiya cheklovlari tufayli hozir bu kiosk xizmatlaridan faqatgina «Turkish Airlines» aviakompaniyasi yo‘lovchilari foydalanmoqda.
Rejaga ko‘ra, bu amaliyot tizimli ravishda O‘zbekistondagi 11 ta xalqaro aeroportlarning hammasiga tatbiq etiladi.