O‘zbekiston aholisi necha marotaba ro‘yxatga olingan?
O‘zbekiston hududida dastlabki aholi ro‘yxati 1897 yilda o‘tkazilgan va o‘shanda aholi soni 3,9 million kishini tashkil qilgan. Ushbu ro‘yxatga olishda XIX asr oxirida mamlakatdagi oilalar, aholi soni, yoshi va jinsi, etnik tarkibi, tug‘ilish, o‘lim kabi demografik jarayonlarni qamrab olgan. Keyinchalik O‘zbekiston hududida 1926, 1939, 1959, 1970, 1979 va 1989 yillarda aholini ro‘yxatga olish tadbirlari o‘tkazilgan. Ammo mustaqillik yillarida respublikamizda aholini ro‘yxatga olish tadbirlari o‘tkazilmagan.
Xalqaro talablardan kelib chiqqan holda mamlakatda aholi to‘g‘risida to‘liq ma’lumot olish uchun Davlatimiz rahbari va Hukumatning tegishli hujjatlariga asosan 2023 yilda mamlakatimizda aholini ro‘yxatga olish tadbirlari o‘tkaziladi. Mazkur jarayonga tayyorgarlik sifatida joriy yil noyabr oyida Xo‘jaobod tumani (Andijon viloyati), Yuqorichirchiq tumani (Toshkent viloyati), Xiva shahri (Xorazm viloyati) va Yashnobod tumani (Toshkent shahri)da sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish tadbirlari o‘tkaziladi.
Toshkent shahrida BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (YuNFPA), Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi va Davlat statistika qo‘mitasi bilan hamkorlikda mamlakatimizda aholini ro‘yxatga olish masalalarini OAVda yoritish bo‘yicha jurnalist va blogerlar uchun tashkil etilgan seminar-treningda mazkur tadbirlarning ahamiyati va o‘tkazish tartiblari to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
- Respublikamizda 1926-1989 yillarni solishtiradigan bo‘lsak, bu davrda aholi deyarli 4 barobarga ko‘paygan, - deydi Davlat statistika qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Qobil Berdiqulov. – Lekin keyingi 32 yildan buyon bu tadbir o‘tkazilmadi. Demak, aholi to‘g‘risida yangi ma’lumotlarni shakllantirishga ehtiyoj bor. Bu ro‘yxatga olish tadbirlarida doimiy aholi soni, ijtimoiy-demografik xususiyatlar, aholining yashash sharoitlari, nikohlar, migratsiya, ta’lim darajasi, til bilish, bandlik, daromad manbalari kabi holatlar ham o‘rganiladi. Bu keng ko‘lamli tadbir bo‘lgani bois 2021 yil noyabr oyida respublikaning 4 hududida sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish ishlari o‘tkaziladi va respublika aholisining 1,8 foizi to‘g‘risida aniq ma’lumotlar shakllantiriladi.
Ma’lumot uchun, aholini ro‘yxatga olish tadbirlariga ko‘ngilli ishtirokichilar ham jalb etiladi va ish haqi bilan ta’minlanadi.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.