“O‘zbekiston, albatta, italyan kompaniyalari uchun juda qiziq va muhim bozor” — Italiya OAV Prezident Serjo Mattarellaning O‘zbekistonga tashrifi haqida
Italiyaning eng qadimiy nashrlaridan biri - «Il Giornale d’Italia» gazetasi 9 noyabr kuni Italiya Prezidentining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi boshlangani haqida yozdi. Unda O‘zbekiston Prezidenti bilan ikki tomonlama muzokaralar, shuningdek, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti filiali faoliyati bilan tanishuvni o‘z ichiga olgan tashrif dasturi taqdim etilgan. Shuningdek, Italiya Prezidenti Samarqand va Xiva shaharlariga tashrif buyurib, O‘zbekistonning madaniy-tarixiy merosi bilan tanishishi haqidagi ma’lumotlar mushtariylar e’tiboriga havola qilingan.
Nashrda O‘zbekistonning Lombardiya va Liguriyadagi faxriy konsuli Massimo Pollio bilan O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi hamkorlikning holati va istiqbollari, mamlakatimiz salohiyati hamda sayyohlik imkoniyatlariga bag‘ishlagan batafsil intervyu bosilgan.
Ushbu mamlakatning yetakchi «Agenzia Nova» axborot agentligining «Nova News» onlayn nashri Italiya Respublikasi rahbarining O‘zbekistonga tashrifi doirasida imzolanishi rejalashtirilgan hujjatlar to‘plami to‘g‘risidagi maqolani e’lon qildi.
«Serjo Mattarella Oskar Luidji Skalfaro tashrifidan so‘ng, 1997 yildan buyon Markaziy Osiyoning ushbu davlatiga tashrif buyurgan birinchi Prezident bo‘ladi, - deb yozgan elektron nashr. - U o‘zbekistonlik hamkasbi Shavkat Mirziyoyev bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazadi. O‘z navbatida, Serjo Mattarella uni yozda Kvirinal saroyida qabul qilgan edi».
Maqolada Serjo Mattarellaning tashrifi joriy yilning iyun oyida Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyaning qabul qilinishi natijasida tubdan o‘zgargan Italiya va O‘zbekiston aloqalariga yanada turtki berishi ta’kidlangan. Bu siyosiy, savdo-iqtisodiy, harbiy, madaniy va turizm sohalarida hamkorlikni mustahkamlashni, shuningdek, ikki yilda bir marta tashqi ishlar vazirlari yoki ularning o‘rinbosarlari hamraisligida ikki tomonlama munosabatlar, shuningdek, o‘zaro manfaatli global va mintaqaviy muammolarni muhokama qilish uchun strategik muloqot o‘rnatishni nazarda tutadi.
«2022 yilda Italiya ushbu Markaziy Osiyo davlatining Yevropadagi ikkinchi savdo sherigi bo‘ldi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 535 million yevrodan oshdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 32 foizga ko‘p. Avvalgi yilda ushbu ko‘rsatgich 400 million dollardan sal ko‘proqni tashkil qilgan», - deyiladi nashrda.
Ta’kidlanishicha, Italiya O‘zbekiston bilan aloqalarni mustahkamlash orqali Markaziy Osiyo mintaqasiga e’tiborni kuchaytiradi.
Italiyaning yetakchi «Giornale Diplomatico» onlayn gazetasi «O‘zbekiston: Prezident Mattarellaning tashrifi o‘zaro munosabatlardagi yangi qadam» sarlavhali maqolani e’lon qilindi.
O‘zbekistonning Florensiyadagi faxriy konsuli Leonardo Komuchchi qalamiga mansub mazkur maqolada tashrifning ahamiyati va Markaziy Osiyo davlatining roli ta’kidlangan.
Muallif Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil iyun oyida Rim va Milanga tashrifi, oliy darajadagi siyosiy va ishbilarmonlik uchrashuvlari, shuningdek, strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolanganidan so‘ng O‘zbekiston Italiyaning yaqin hamkorlaridan biriga aylanganini alohida qayd etgan. Prezident Serjo Mattarella o‘z tashrifi bilan Markaziy Osiyoga darvoza bo‘lgan ushbu davlatga alohida e’tibor qaratmoqda, deyiladi maqolada.
«O‘zbekiston, albatta, italyan kompaniyalari uchun juda qiziq va muhim bozor. Mamlakatda 35 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi, 2035 yilga kelib ularning soni 50 millionga yetishi mumkin. Mamlakat aholisining asosini yoshlar tashkil qiladi. O‘zbekiston iqtisodiyoti ham jadal o‘sib bormoqda. Bu davlat, shuningdek, siyosiy jihatdan ham barqaror. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtisodiy sohada ham, fuqarolik huquqlari sohasida ham islohotlarni oqilona boshlagan va muvaffaqiyatli odimlayotgan prezidentlik respublikasidir», - deb ta’kidlagan faxriy konsul.
Leonardo Komuchchi, shuningdek, Italiya Yevrosiyo mintaqasida, ayniqsa, dunyoning boshqa mintaqalariga nisbatan barqarorlikni, shuningdek, iqtisodiy nuqtai nazardan dinamiklikni ko‘rsatayotgan O‘zbekistonda tobora ko‘proq ishtirok etishi kerak, degan fikrni ilgari surgan. «Mamlakatda amalga oshirilayotgan yirik qonunchilik o‘zgarishlarining muvaffaqiyatli hayotga tadbiq etilishi natijasida yuzaga kelgan xavfsizlik investitsiya va sanoatni rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytirmoqda», - deb yozgan u.