O‘zbekiston armiyasi qariyb 100 foiz koronavirusga qarshi emlandi
Mudofaa vazirligi shaxsiy tarkibini koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash ishlari jadal olib borildi. Emlash ishlari Mudofaa vazirligi Sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi, harbiy gospitallar, harbiy qism va muassasalar tibbiyot xizmatlari tomonidan amalga oshirilmoqda.
Emlash ishlarini sifatli tashkil etish maqsadida Mudofaa vazirligi harbiy qism va muassasalar tibbiyot xodimlaridan 647 nafar vaksinatorlar tayyorlandi, shuningdek, tibbiyot punktlarida 81 ta emlash punkti, Markaziy harbiy klinik gospitali, Markaziy shifoxona va harbiy gospitallarda 8 ta emlash brigadasi tashkil etildi. Shtatida tibbiyot xizmati, tibbiyot xizmatining shifokor lavozimi bo‘lmagan harbiy qism va muassasalarning shaxsiy tarkibi harakatdagi emlash brigadalari tomonidan emlash ishlari olib borilishi yo‘lga qo‘yildi.
Emlashda asosan ZF-UZ-VAC-2001 xitoy-o‘zbek vaksinasidan, shuningdek “Sputnik V”, "Moderna" vaksinalaridan foydalanilmoqda.
Bugungi kunga kelib Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilarining 94,7 foizi — 1-bosqichda, 91,6 foizi — 2-bosqichda, 61,1 foizi esa 3-bosqichda emlandi.
2021 yilning avgust oyidan boshlab Qurolli Kuchlar ishchi va xizmatchilarini emlash yo‘lga qo‘yildi.
Jamshid Shakirov,
Mudofaa vazirligi Sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi boshlig‘i, tibbiy xizmat podpolkovnigi.