O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bir qator soliqlardan ozod etilishi aytilmoqda

Soliq kodeksining 483-moddasiga qo‘shimcha kiritildi. Shunga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvargacha O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, uning hududiy bo‘linmalari, “O‘zbekiston Professional futbol ligasi” jamoat birlashmasi, O‘zbekiston futbol hakamlari markazi va professional futbol klublari quyidagi soliqlarni to‘lashdan ozod etiladi:

➖barcha turdagi soliqlarni (bundan ijtimoiy soliq mustasno);

➖o‘zi jalb qilgan chet el mutaxassislari va futbolchilarining daromadlaridan to‘lanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini;

➖O‘zbekistonga olib kiriladigan, O‘zbekistonda o‘xshashi ishlab chiqarilmaydigan sport asbob-uskunalari va inventari, translyasiya qilish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar, inventar va texnika, farmakologiya tovarlari, sport oziq-ovqatlari, futbol (futzal) maydonlari uchun sun’iy o‘tlar, shokpad, granulalar, maxsus yelimlar va maxsus professional sport kiyim-boshlari, transport vositalari, shu jumladan maxsus transport vositalari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini.