O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga yangi rahbar tayinlandi
Bugun, 15 iyul kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining navbatdan tashqari Konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining navbatdan tashqari Konferensiyasida halqaro kuzatuvchi sifatida FIFA vakili Sanjivan Balasingan, Andrey Vashkevich hamda Osiyo Futbol Konfederatsiyasi vakili Kattel Purushottam ishtirok etdi.
Konferensiyani O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Bosh kotibi Maksumov Avaz Parxatovich olib bordi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining Prezidenti Ramatov Achilbay Jumaniyazovich o‘z xohishi bilan O‘FA Prezidentligidan iste’foga chiqish to‘g‘risida ariza berganligi munosabati bilan, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ustavining 41-moddasiga asosan O‘FA o‘z rasmiy veb-saytida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Prezidenti lavozimiga O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi a’zolaridan nomzodlarini ilgari surish so‘ralgan edi.
Shu kunga qadar O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Prezidenti lavozimiga Toshkent shahar futbol assotsiatsiyasi tomonidan nomzod sifatida Azizov Abdusalom Abdumavlonovich taklif etildi va konferensiyada Azizov Abdusalom Abdumavlonovich bir ovozdan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Prezidenti lavozimiga saylandi.