O‘zbekiston madaniy merosi – yangi Renessans asosi

Samarqand shahridagi “Silk Road Samarkand”  sayyohlik majmuasida O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining “O‘zbekiston madaniy merosi – yangi Renessans asosi” VII xalqaro kongressi o‘z ishini boshladi.

Keyingi yillarda yurtimizda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish va saqlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada davlatimiz rahbarining ko‘plab qaror va farmonlari qabul qilindi va bu madaniy merosimizni o‘rganishga katta turtki berdi.

O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) ham ana shu e’tibor samarasi o‘laroq 2018 yilda dunyoning 40 mamlakati 300 dan ortiq sharqshunoslari tashabbusi bilan tashkil etilgan va 2019 yilda Parijda rasman ro‘yxatdan o‘tgan. Joriy yilda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tdi va Toshkent shahrida o‘z vakolatxonasini ochdi.

Yettinchi xalqaro kongress Butunjahon jamiyatining ilmiy kengashi va boshqaruvi yig‘ilishi bilan boshlandi.

Unda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Behzod Yo‘ldoshev, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov, Turksoy birlashgan muzeylari bosh koordinatori Javid Movsumli, Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo‘lyozmalari instituti direktori Irina Popova, Germaniyadagi Cultur-cooperation International e. V. fondi direktori Ketlin Gyobel va boshqalar O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish va targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida so‘z yuritdilar. Bu borada WOSCU tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar e’tirof etildi.

– O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan ochiqlik, O‘zbekiston xalqining madaniy merosini o‘rganish, saqlash va targ‘ib etish borasidagi siyosati va bevosmita ko‘magi natijasida yuzaga kelgan, – dedi F.Abduxoliqov. – Ushbu loyiha o‘tmishda zaminimizda yaratilgan va hozirda turli sabablar tufauli dunyoning yirik kutabxonalari va muzeylarida, shaxsiy kolleksiyalarda saqlanayotgan san’at va madaniyat durdonalari haqida ma’lumot to‘plash maqsadida tashkil etilgan. O‘tgan davr mobaynida yuzlab olimlar, mahalliy va xalqaro ekspertlar, mutaxassislar ko‘magida dunyoning turli o‘lkalarida saqlanayotgan noyob madaniy merosimiz haqida to‘plangan ma’lumotlarning 60 jildi “O‘zbekiston madaniy merosi” turkumida chop etildi. Bu yilgi kongressimizda esa mazkur turkumda 61–70 jilddan iborat 10 ta yangi kitob-albom taqdim etilmoqda. Bundan tashqari yana o‘ndan ortiq noshirlik loyihalarimiz taqdimotlari o‘tkaziladi. Albatta, bularni to‘plash oson bo‘layotgani yo‘q. Lekin hukumatimiz va homiy tashkilotlar ko‘magida, zahmatkash olimlarimizning izlanishlari natijasida noyob manbaalarni o‘rganishga va ularni xalqimizga hamda butun dunyoga O‘zbekiston madaniy merosi sifatida taqdim etishga erishayapmiz.

Shundan so‘ng kongress doirasidagi xalqaro konferensiyalarda “Merosning yangi qirralarini kashf etib: jahon to‘plamlaridagi o‘zbek kolleksiyalari”, “Butunjahon jamiyati loyihalaridan Sharq qo‘lyozma merosi durdonalari”, “Butunjahon jamiyati loyihalarida Markaziy Osiyo muzeylari va kutubxonalari”, “Markaziy Osiyo tarixi va san’ati: izlanishlar va kashfiyotlar” hamda “Kino va media olami: merosga yangicha nigoh” kabi mavzular muhokamasi boshlandi. Ularda 120 ga yaqin ilmiy ma’ruzalar tinglanishi ko‘zda tutilgan.

Kongressda dunyoning 40 ga yaqin mamlakatidan 300 nafardan ortiq tarixchi, matnshunos va manbaashunos olimlar, muzey xodimlari, ilmiy jamoatchilik vakillari ishtirok etmoqda.