O‘zbekiston Moliya vazirining o‘rinbosari koronavirusdan vafot etdi
Bugun, 29 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri o‘rinbosari (55 yosh) Tursunov Yorqin Ergashevich olamdan o‘tdi. Bu haqda Moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
SSV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 27 iyul kuni o‘ta og‘ir holatda Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasiga yotqizilgan. Unga «COVID-19» infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan.
Xastalik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas yetishmovchiligining 3-darajasi, o‘pka shishi, giperglikemik koma kabi asoratlar bilan kechgan.
Shuningdek, bemor qandli diabet, yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.
Reanimatsion muolajalarga qaramasdan, bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘pka shishi, giperglikemik komadan vafot etgan.
Ma’lum qilinishicha, 20 yildan ortiq vaqt mobaynida Yorqin Ergashevich Moliya vazirligi tizimida ishlagan. Doim o‘zining mehnatsevarligi, xar bir ishga yuqori mas’uliyat va puxtalik bilan yondashishi, har kimni tushunish qobiliyati bilan ajralib turgan.
«Ziyrak rahbar, oliyjanob hamkasb, namunali oila boshlig‘i, sodiq do‘st va ulkan qalbli shaxs. "Vatanga halollik va sadoqat bilan xizmat qilish" shiori bilan yashagan o‘z ishining ustasi va mamlakat vatanparvari, shijoatli hamda fidoyi inson bo‘lib xotirlanadi va doimo qalblarimizda ajoyib inson bo‘lib qoladi.
Ushbu og‘ir yo‘qotish munosabati bilan Yo.Tursunovning oila a’zolariga ta’ziya bildiramiz", deyiladi xabarda.