O‘zbekiston OTMlari dunyo reytinglarida qanday o‘rin olgan?

Ayni paytda mamlakatimizda 159 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda (besh yil avvalgiga nisbatan 2,5 barobarga ko‘p). Xorij ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan OTMlar soni esa 4 barobarga (7 tadan 30 taga) ko‘paydi.

Aholini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 3 barobarga (9 foizdan 28 foizga) oshdi. Oliy ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlariga ko‘ra, respublikadagi nodavlat OTMlar soni 24 taga yetdi.

Muhim vazifalar qatorida O‘zbekistonning kamida 10 ta oliy ta’lim muassasasini xalqaro reytinglarning (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education yoki Academic Ranking of World Universities) TOP-1000 talik ro‘yxatiga, shu jumladan O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini birinchi 500 ta o‘rindagi OTMlar ro‘yxatiga kiritish belgilangan.

Hozirda O‘zbekistonning to‘rtta oliy ta’lim muassasasi Quacquarelli Symonds World University Rankings reytingida kuchli universitetlar qatoriga kiradi. Bular:

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari instituti (211—220);

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti (251—300);

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti (351—400);

Samarqand davlat universiteti (401—405).

2022 yil boshida O‘zbekistonning 10 ta oliy ta’lim muassasasi Osiyo universitetlarining Asia University Rankings-2022 xalqaro reytingida reporter maqomini oldi, ya’ni da’vogar universitetlar nominatsiyasiga ega bo‘ldi. Bular:

- Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti

- Toshkent davlat yuridik universiteti

- Toshkent pediatriya tibbiyot instituti

- Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti;

- Urganch davlat universiteti;

- Toshkent moliya instituti;

- Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyalash muhandislari instituti MTU;

- Toshkent tibbiyot akademiyasi;

- Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti;

- Toshkent farmatsevtika instituti.

Ushbu reyting har yili Osiyo davlatlaridagi universitetlarni tadqiqot, ta’lim sifati, xalqaro xilma-xillik, iqtiboslik va sanoat daromadi (bilimlar almashish) bo‘yicha baholaydi. Ushbu ro‘yxatdagi 10 ta oliy ta’lim muassasasi The World University Rankings’ning nufuzli reytinglariga kirish uchun nomzod sifatida tan olingan. Bu yo‘nalishda ularga reyting agentligi yaqindan yordam beradi.

Taqqoslash uchun, qo‘shni Qozog‘istonda 122 ta OTM, jumladan 83 ta universitet va 16 ta akademiya mavjud. 16 ta universitet Quacquarelli Symonds World University Rankings xalqaro akademik reytingiga kiradi.

Qirg‘izistonda 64 ta OTM mavjud bo‘lib, ulardan 32 tasi davlat, 32 tasi nodavlatdir. Xalqaro reytingga Markaziy Osiyodagi Amerika universiteti va “Manas” qirg‘iz-turk universiteti kiradi.

Tojikistonda 36 ta OTM, jumladan 23 ta davlat, 2 ta xalqaro va 3 ta Rossiya universitetlarining filiallari mavjud. Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha Quacquarelli Symonds reytingidagi 450 ta eng yaxshi universitetlar ro‘yxatiga Tojikiston Milliy universiteti kiradi (241-o‘rin).

Turkmanistonda 27 ta OTM mavjud bo‘lib, ulardan ikkitasi — Yaxshigeldi Kakayev nomidagi Xalqaro neft va gaz universiteti hamda Telekommunikatsiyalar va informatika instituti Times Higher Education jahon reytingi tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan Impact Rankings 2022 reytingiga kiritilgan. Turkmaniston Telekommunikatsiyalar va informatika instituti birinchi marta THE World Young University Rankings-2022 — dunyoning yosh universitetlari reytingiga ham kirgan.