O‘zbekiston Qozog‘iston bilan birga koinotga sun’iy yo‘ldosh uchiradi
Qozog‘istonning Astana shahrida O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Qozog‘iston Respublikasi Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vaziri J.Madiyev bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi delegatsiyasi Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiya (ESKATO) tomonidan Astana shahrida tashkil etilgan “Raqamli inklyuziya va transformatsiya bo‘yicha Osiyo – Tinch okeani vazirlar konferensiyasi”da ishtirok etish uchun xizmat safarini amalga oshirdi.
Ushbu tadbir doirasida Sherzod Shermatov J.Madiyev bilan uchrashuvi davomida hamkorlik istiqbollariga e’tibor qaratdi. Ya’ni, raqamli ko‘nikmalarni o‘qitishni ta’minlash, raqamli inklyuzivlik va raqamli transformatsiya bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik holati va uni mustahkamlash bo‘yicha masalalar muhokama etildi.
Shu bilan birga, raqamli innovatsiyalarni jadallashtirish uchun zarur mintaqaviy hamkorlik rejalariga e’tibor qaratildi.
Ikki mamlakat ishtirokida kosmosga o‘zaro sun’iy yo‘ldoshlar guruhini uchirish bo‘yicha hamkorlikni amalga oshirish masalasini o‘rganish va tahliliy ma’lumotlarni joriy yil yakuniga qadar tahlil qilib, takliflarni belgilab olish muhokama etildi.