O‘zbekiston respublikasi Energetika vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 1 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5646-son Farmoniga muvofiq:
- Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi markaziy apparatining boshqaruv xodimlari umumiy cheklangan soni 80 birlikdan iborat tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligining (keyingi o‘rinlarda – Vazirlik) boshqaruv xodimlari, birinchi navbatda, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda – “O‘zneftgazinspeksiya”) va O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda – “O‘zenergoinspeksiya”) hamda davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlarining shtatlar sonini qisqartirish hisobidan ta’minlanadi.
- O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziriga:
zarur bo‘lganda, boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni
va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida Vazirlikning markaziy apparati, “O‘zneftgazinspeksiya” va “O‘zenergoinspeksiya” tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish;
Vazirlikning byudjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Vazirlik, “O‘zneftgazinspeksiya” va “O‘zenergoinspeksiya” xodimlarining qo‘shimcha shtat birliklarini kiritish;
Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish doirasida davlat organlari va tashkilotlari, loyiha institutlari, ilmiy-ta’lim muassasalari, shuningdek, energetika sohasida yetakchi xalqaro va xorijiy kompaniyalar mutaxassislarini konsultant sifatida jalb qilish;
yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni belgilangan tartibda ishga qabul qilish, shuningdek, ularga Vazirlikning byudjetdan tashqari mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan, jumladan, erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada ish haqi va boshqa to‘lovlar miqdorini belgilash huquqi berilsin.
- Belgilansinki:
Vazirlikning o‘z vakolatlari doirasida qabul qiladigan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir;
Vazirlik, “O‘zneftgazinspeksiya” va “O‘zenergoinspeksiya” faoliyati O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga muvofiq Vazirlik, “O‘zneftgazinspeksiya” va “O‘zenergoinspeksiya” xodimlarining lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyenti 1,5 baravarga oshirilgan holda qo‘llaniladi;
ushbu bandning to‘rtinchi xatboshida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar Vazirlikning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, “O‘zbekneftgaz” AJ va “O‘zbekenergo” AJning:
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda “O‘zbekneftgaz” AJning mahsulotlar taqsimotiga oid amalga oshirilayotgan bitimlar bo‘yicha funksiyalarini Vazirlikka o‘tkazish;
Vazirlik huzurida mahsulotlar taqsimotiga oid bitimlarni amalga oshirish bo‘yicha faoliyat olib borayotgan guruhlarni birlashtirish yo‘li bilan notijorat tashkilot shaklida yuridik shaxs tashkil qilish va unga ushbu guruhlarning huquqlari va majburiyatlarini o‘tkazish;
“O‘zbekenergo” AJ ma’muriy binosi joylashgan yer uchastkasida xorijiy investorlarni jalb qilgan holda, zamonaviy mehmonxona kompleksi qurish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
- O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari E.M.G‘aniyev va A.A.Abduhakimov bir oy muddatda “O‘zbekenergo” AJ ma’muriy binosi joylashgan hududda zamonaviy mehmonxona kompleksini qurish bo‘yicha hukumat qarori loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent shahar hokimligi va “O‘zbekenergo” AJ bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlik va “O‘zbekenergo” AJni joylashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
- Vazirlik huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda byudjetdan tashqari Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) tashkil etilsin.
Quyidagilar Jamg‘armani shakllantirish manbalari etib belgilansin:
“O‘zneftgazinspeksiya” va “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar, ularning mansabdor shaxslari va fuqarolardan energetika sohasidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun belgilangan tartibda undiriladigan jarimalar summasi to‘liq hajmda;
Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini tijorat banklarning depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa daromadlar.
- Belgilab qo‘yilsinki, Jamg‘arma mablag‘lari:
Vazirlik, “O‘zneftgazinspeksiya” va “O‘zenergoinspeksiya” moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
Vazirlik, “O‘zneftgazinspeksiya” va “O‘zenergoinspeksiya” xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish;
Vazirlik, “O‘zneftgazinspeksiya” va “O‘zenergoinspeksiya” xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish va stajirovkasi, shu jumladan, xorijiy davlatlarga safarlarini tashkil qilish, xalqaro konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlarda ishtirok etish;
Vazirlik faoliyatini rivojlantirishga yo‘naltirilgan boshqa tadbirlar uchun sarflanadi.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 oktyabrdagi “Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3981-son qarori bilan tashkil etilgan Elektr energetika tarmog‘ini isloh qilish bo‘yicha komissiyaga (keyingi o‘rinlarda – Komissiya) Vazirlik faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish yuklansin.
- Vazirlik:
a) Komissiya bilan kelishgan holda:
2019 yil 1 martga qadar Jahon bankining texnik ko‘magida elektr energetika tarmog‘ini isloh qilish (restrukturizatsiya) modellarini ishlab chiqsin va taklif etilayotgan islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha batafsil “yo‘l xaritasi”ni tayyorlasin;
2019 yil 15 martga qadar elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va sotishni tashkil qilishning zamonaviy sxemasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekenergo” AJni restrukturizatsiya qilish to‘g‘risidagi qarori loyihasini kiritsin;
2019 yil 1 aprelga qadar boshqaruvning samarasiz tuzilmalarini maqbullashtirish, neft va gaz sohasi korxonalarini faoliyat yo‘nalishidan kelib chiqib qayta tashkil qilish, ularni rivojlantirishga xususiy hamda xorijiy, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida jalb qilishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekneftgaz” AJni restrukturizatsiya qilish to‘g‘risidagi qarori loyihasini kiritsin;
b) “O‘zbekneftgaz” AJ va “O‘zbekenergo” AJni restrukturizatsiya qilishda magistral gaz-transport tizimi va magistral elektr tarmoqlaridan foydalanish hamda ularni rivojlantirish bo‘yicha alohida davlat korxonalarini tashkil etishni nazarda tutsin;
v) 2019 yil 1 martga qadar yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi kompleks kamchiliklar, shuningdek, maqsadli ko‘rsatkichlar (indikatorlar) va ularga erishishning qadam-baqadam mexanizmlarini ko‘rsatgan holda 2019 yilda Vazirlik faoliyatining samaradorligini baholash mezonlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin;
g) Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi to‘g‘risida hamda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligining byudjetdan tashqari Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
d) O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda Vazirlikning shtat jadvalini tasdiqlasin;
energetika tarmog‘i tashkilotlari bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlikni unga yuklangan vazifalarni bajarish uchun zarur nazariy bilimlar va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislar bilan to‘ldirishni ta’minlasin;
ye) ikki oy muddatda “Elektron hukumat” tizimiga taqdim etilishi va kiritilishi shart bo‘lgan ma’lumotlar tarkibi bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga belgilangan tartibda kiritsin, shuningdek, Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimidan platforma shaklida belgilangan protokol asosida majburiy foydalanilishini ta’minlasin;
j) O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Fanlar akademiyasi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
2019 yil 1 mayga qadar – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga O‘zbekiston Respublikasida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning 2019-2023 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda – Konsepsiya) loyihasini;
2019 yil 1 oktyabrga qadar – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga O‘zbekiston Respublikasida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihalari portfelini kiritishni ta’minlasin.
Konsepsiya loyihasini ishlab chiqishda quyidagi masalalarni hal etishga alohida e’tibor qaratilsin:
O‘zbekiston Respublikasida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha kompleks yondashuv va strategik vazifalar;
qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish;
zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda, sanoat va ekologik xavfsizlikning yuqori darajasini ta’minlaydigan qayta tiklanuvchi energiya manbalari ob’yektlari hamda tegishli infratuzilmani barpo etish;
O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy oliy ta’lim muassasalarida mutaxassislar tayyorlash, shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasidagi yetakchi xorijiy kompaniyalarda ularning stajirovkasini tashkil qilish.
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda “O‘zneftgazinspeksiya” va “O‘zenergoinspeksiya” faoliyatini, shu jumladan, energetika sohasida davlat nazoratini amalga oshirish vakolatlarini kengaytirish hamda shtat birliklarini maqbullashtirish orqali takomillashtirish to‘g‘risida hukumat qarorini qabul qilsin.
- O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
ushbu qarorni 2019 yilda amalga oshirish bo‘yicha Vazirlik xarajatlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlari doirasida mablag‘lar ajratsin, 2020 yildan boshlab esa har yili zarur byudjet mablag‘larini nazarda tutsin;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2019 yil uchun tasdiqlangan xarajatlar smetasiga ushbu qaror qoidalaridan kelib chiqib tegishli o‘zgartirishlar kiritsin;
asoslantirilgan hisob-kitoblarga binoan Vazirlik markaziy apparatini zarur inventarlar, orgtexnika bilan jihozlash uchun mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin hamda 7 ta, shu jumladan, 5 ta shaxsiy biriktirilgan xizmat avtotransport vositalarini saqlash uchun limitlar belgilasin.
- O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Vazirlikni telefon aloqasi, shu jumladan, hukumat aloqasi bilan belgilangan tartibda ta’minlasin.
- Vazirlik O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining statistika ma’lumotlari tarqatilishi majburiy bo‘lgan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilsin.
- Vazirlik Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
- Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2019 yil 1 fevral