O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi
Assalomu alaykum, hurmatli vatandoshlar!
Qadrli urush va mehnat faxriylari!
Avvalo, mana shu ulug‘ ayyom kunlarida, muhtasham G‘alaba bog‘ida turib, siz, azizlarni, bugungi tantanali marosimni joylardagi studiyalarda, harbiy okruglarda, oila davrasida televideniye orqali tomosha qilayotgan barcha faxriylarimizni ko‘pmillatli butun xalqimizni Xotira va qadrlash kuni hamda buyuk G‘alabaning 76 yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Barchangizga o‘zimning yuksak hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Muhtaram urush va mehnat fronti faxriylari!
Bugungi shonli sanani biz doimo cheksiz quvonch va cheksiz iztirob bilan nishonlaymiz. Vatan ozodligi uchun, hozirgi tinch-omon kunlar uchun jang maydonlarida halok bo‘lgan ota-bobolarimizni, front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasini yod etib, hurmat bajo keltiramiz.
Siz, mo‘’tabar faxriylarimizning beqiyos qahramonligingiz insoniyat tarixiga abadiy o‘chmaydigan, buyuk sahifa bo‘lib yozilganini chuqur minnatdorlik bilan e’tirof etamiz.
Ulug‘ va tabarruk yoshlarga yetib, bugun oramizda sog‘-salomat, duogo‘y bo‘lib yurgan urush va mehnat frontining barcha jangchilariga yana bir bor yuksak mehr va hurmatimizni izhor etib, ularning barchasiga chin yurakdan tashakkur aytamiz.
Hayotning og‘ir va achchiq sinovlarini mardona yengib o‘tgan Siz, azizlarning O‘zbekistonimizni har tomonlama rivojlantirish, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida, mustahkam irodali insonlar etib tarbiyalashga qo‘shayotgan munosib hissangizni barchamiz yuksak baholaymiz.
Sizlarning mardlik va matonatingiz koronavirus pandemiyasi davom etayotgan hozirgi murakkab davrda ham ana shu xatarli kasallikka qarshi kurashda bizga kuch va madad bermoqda.
Biz – bugungi minnatdor avlodlar sizlar kabi jasur otalarimiz bilan umrbod faxrlanamiz.
Mana shu hayajonli daqiqalarda sizlarning jang maydonlarida buyuk qahramonlik ko‘rsatganingiz, urushdan keyin mamlakatni tiklash va rivojlantirish yo‘lida qilgan fidokorona xizmatlaringiz uchun barchamiz bosh egib ta’zim qilamiz.
Oradan yana qancha yillar, asrlar o‘tmasin, sizlarning fashizmga qarshi ko‘rsatgan matonatingizni xalqimiz hamisha qalbida, xotirasida saqlaydi, bu jasorat yoshlarimiz uchun abadiy ibrat namunasi bo‘lib qoladi.
Hurmatli yurtdoshlar!
Ikkinchi jahon urushi millionlab begunoh insonlarning o‘limiga sabab bo‘lgan, mislsiz yo‘qotish va talafotlarga olib kelgan eng dahshatli qirg‘in bo‘lganini hammamiz yaxshi bilamiz. Olti yil davom etgan bu qonli urushda o‘sha paytda dunyodagi mavjud 73 ta davlatdan 62 tasi, Yer yuzi aholisining 80 foizi ishtirok etgani ham bu haqiqatni tasdiqlaydi.
Yevropa, Osiyo va Afrika qit’alaridagi 40 ta davlatni bevosita qamrab olgan urush harakatlariga 110 million kishi safarbar etilgani va bu qirg‘inda jami 70 million kishi halok bo‘lgani har qanday odamni larzaga soladi. Eng ko‘p qurbonlar sobiq Ittifoq respublikalari hissasiga to‘g‘ri kelib, qariyb 27 million kishini tashkil etganini bugun ham ulkan qayg‘u va iztirob bilan eslaymiz.
O‘zbekiston xalqi butun taraqqiyparvar insoniyat qatorida urushning birinchi kunlaridan boshlab fashizmga qarshi jangga kirdi. Yovuz dushmanni tor-mor etish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etdi.
Shu borada ba’zi bir eng muhim, ilgari bizga noma’lum bo‘lgan fakt va raqamlarni yana bir bor eslab o‘tish o‘rinli, deb hisoblayman.
Ma’lumki, 1941 yilda respublikamiz aholisi 6 million 800 mingdan ziyod kishini tashkil etardi. Urush boshlanishi bilan qariyb 2 million yurtdoshimiz frontga otlandi. Har biri tom ma’noda qahramon bo‘lgan bu aziz insonlarning 500 mingdan ziyodi shafqatsiz janglarda halok bo‘ldi.
Bizbu raqamlarni har yili 9 may – G‘alaba bayramida qayta-qayta esga olamiz. Bular shunchaki oddiy raqamlar emas. Ularning zamirida mushtipar onalarimiz, momolarimiz, mard va jasur otalarimiz, butun xalqimiz qalbidagi cheksiz qayg‘u va hasrat mujassam.
Bu dardu alamlarni hech qanday raqam, hech qanday so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi, desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Nega deganda, 500 mingdan ziyod qurbon – bu 500 mingdan ortiq fojia degani. Bu umr yo‘ldoshidan ayrilgan ming-minglab ayollar, ota-onasidan judo bo‘lgan millionlab yetim bolalar degani. Bu – oradan shuncha yillar o‘tsa hamki, xalqimiz yuragidagi bitmagan, hech qachon bitmaydigan mudhish yara, tuganmas nola va armon demakdir.
O‘zbekiston xalqi ana shunday og‘ir talafotlar ko‘rib, buyuk G‘alabaga beqiyos hissa qo‘shdi. Bu haqiqatni 200 mingdan ziyod askar va ofitserlarimiz jangovar orden va medallar bilan mukofotlangani ham yaqqol isbotlaydi. Vatandoshlarimizning 301 nafari Sovet Ittifoqi Qahramoni degan yuksak unvonga, 70 nafardan ortig‘i uchala darajadagi “Slava” ordeniga sazovor bo‘lganini alohida ta’kidlash lozim.
Insoniyat taqdiri va kelajagi hal bo‘layotgan o‘sha suronli yillarda O‘zbekiston frontning mustahkam ta’minot bazasi bo‘lib xizmat qildi.
“Hamma narsa – front uchun, hamma narsa – G‘alaba uchun!” degan g‘oya el-yurtimizning hayotiy e’tiqodiga aylandi. Xalqimiz tunu kun tinimsiz mehnat qilib, ulkan miqdordagi oziq-ovqat, kiyim-kechak, qurol-aslaha, dori-darmon zaxiralarini jang maydonlariga uzluksiz yetkazib berdi. Bomba va snaryadlar tinimsiz portlab turgan hududlardan 170 ga yaqin zavod va fabrikalar O‘zbekistonga evakuatsiya qilindi va qisqa muddatda qayta ishga tushirildi.
Urushdan jabr ko‘rgan 1 million 500 mingdan ortiq keksalar, ayollar va bolalar respublikamizga ko‘chirib keltirildi. Ularning 200 mingdan ziyodi ota-onasidan ayrilgan yetim bolalar edi.
El-yurtimiz mudhish urush yillarida o‘zining yuksak gumanistik fazilatlarini namoyon etdi. O‘zbekistonga olib kelingan turli millatga mansub ming-minglab insonlarga boshpana berdi, mehr-shafqat, odamiylik ko‘rsatib, eng so‘nggi nonini ham ular bilan baham ko‘rdi. “Toshkent – non shahri”, “O‘zbekiston – mehr mamlakati” ekanini amalda yana bir bor isbotladi.
Xalqimizning bunday ulkan jasorati, olijanobligi butun dunyoda hurmat-ehtiromga sazovor bo‘ldi. Va bu bilan biz har qa%