O‘zbekiston – Rossiya biznes-forumi o‘z ishini boshladi
Samarqand shahrida O‘zbekiston-Rossiya biznes-forumi boshlandi. Unda ikki davlat vazirlik va idoralari, mintaqalari, tarmoq birlashmalari va uyushmalar rahbarlari, shuningdek, 500 dan ortiq yetakchi kompaniya va korporatsiyalar vakillari ishtirok etmoqda.
Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev va Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik keyingi yillarda jadal rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Xususan, qo‘shma sarmoyaviy loyihalar soni ortib, uzoq muddatli savdo-iqtisodiy aloqalar ko‘lami kengaymoqda. Buning natijasida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi izchil o‘smoqda. Jumladan, so‘nggi besh yilda tovar ayirboshlash 170 foizga o‘sdi, 2021 yil oxiriga kelib esa yana uchdan bir qismga ko‘payib, 7,5 milliard dollardan oshdi. Yaqin orada bu ko‘rsatkichni 10 milliard dollarga yetkazish va bundan ikki tomon ham manfaatdor ekani bildirildi.
Tomonlar keyingi yillarda investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasi faollashganini yuqori baholadilar. O‘zbekistonda Rossiya kapitali ishtirokida tashkil etilgan korxonalar soni keyingi besh yilda uch barobarga ko‘payib, 3 mingtadan oshdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda neft-kimyo, energetika, kon-metallurgiya, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish, shuningdek, meva-sabzavotni qayta ishlash sohalarida Rossiya kompaniyalari bilan hamkorlikda umumiy qiymati 20 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 200 ga yaqin qo‘shma loyiha amalga oshirilmoqda.
Forumda ikki mamlakat iqtisodiyotining ustuvor yo‘nalishlarida, jumladan, avtomobilsozlik, kimyo va to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi va farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.
Biznes-forum bir qator shu’ba majlislarida davom etdi. Ularda asosiy e’tibor sanoat klasterlarini hamkorlikda rivojlantirish, sanoat zanjirini shakllantirish, yonilg‘i-energetika sohasida yirik loyihalarni birgalikda amalga oshirish, transport sanoatidagi hamkorlik, agrosanoat tarmog‘ida kichik va o‘rta biznes vakillarining aloqalarini kengaytirish, zamonaviy axborot texnologiyalari va savdo-iqtisodiy munosabatlarni raqamlashtirish masalariga qaratildi.
Shuningdek, forum doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida uchrashuvlar tashkil etilib, ularda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va o‘zaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tadbir doirasida “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” nomi ostida ko‘rgazma ham tashkil etilib, unda mamlakatimizning sanoat salohiyati namoyish qilinmoqda.
G‘olib Hasanov,
Ikrom Avvalboyev.