O‘zbekiston Rossiyaga gaz eksportini to‘xtatdi

O‘zbekiston ichki mavsumiy iste’molni qoplash uchun Rossiyaga tabiiy gaz eksportini butunlay to‘xtatdi. Mazkur xabar yuzasidan Bugun.uz batafsil ma’lumot olish uchun Energetika vazirligi bilan bog‘langan.

Vazirlik 2022 yilda O‘zbekiston Rossiyaga tabiiy gaz yetkazib berishni rejalashtirmayotganini tasdiqladi.

«Ayni paytda Rossiyaga gaz yetkazib berish amalga oshirilmayapti, 2022 yilga mo‘ljallangan rejalar ham yo‘q», deyiladi vazirlik ma’lumotida.

Qayd etilishicha, 2018 yilda O‘zbekiston «Gazprom»ga 3,8 milliard kub metr gaz yetkazib bergan, 2019 yilda yetkazib berish hajmini 4,9 milliard kubga oshirgan, 2020 yilda esa to‘xtatilgan. O‘z navbatida, 2020 yilda «Gazprom» turkman gazini O‘zbekistonga yetkazib berishni boshlagan.

«Markaziy Osiyo davlatlari hozir juda jadal rivojlanmoqda. Bu, birinchi navbatda, O‘zbekistonga tegishli. Biz bu mamlakatda iste’molning katta o‘sishini kuzatyapmiz. Shu bois, tabiiyki, gaz xaridi ma’lum darajada qisqaradi, chunki davlat gazni o‘z ehtiyojlari uchun yo‘naltiradi», deya «Gazprom» boshqaruvi raisi o‘rinbosari, «Gazprom eksport» bosh direktori Yelena Burmistrova may oyida O‘zbekiston gazi bilan bog‘liq vaziyatga izoh bergan.