O‘zbekiston TIV Rossiya hududidagi fuqarolarimizdan hozirda bo‘lib turgan joylarida qolishlarini so‘ramoqda
Mamlakatimizning Rossiya va Qozog‘istondagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari bergan ma’lumotga ko‘ra, Rossiya-Qozog‘iston chegarasi «Mashtakovo» nazorat-o‘tkazish punkti yaqinida 300 ga yaqin O‘zbekiston fuqarolari to‘plangan.
Mazkur masala mamlakatimizning Moskva va Nur-Sulton shaharlaridagi elchixonalari, Qozon va Aqtau shaharlaridagi bosh konsulxonalari tomonidan nazoratga olingan. Rossiya va Qozog‘istonning vakolatli organlari bilan muzokaralar olib borilmoqda.
TIV Operativ shtabi ushbu vaziyat to‘g‘risida ma’lumotni har tomonlama ko‘rib chiqish uchun Respublika maxsus komissiyasiga yubordi. Maxsus komissiya qarori to‘g‘risida alohida ma’lumot beriladi.
Faqat 25 maydan buyon Rossiyaning turli shaharlaridan 8 ta charter reysi tashkillashtirilganini eslatib o‘tamiz. Hozirgi paytda Maxsus komissiya tomonidan Rossiyaning turli hududlaridan hamyurtlarimizni olib kelish uchun qo‘shimcha charter reyslarini amalga oshirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Shu munosabat bilan Rossiya hududida bo‘lib turgan fuqarolarimizdan «Mashtakovo» nazorat-o‘tkazish punkti yoki boshqa Rossiya-Qozog‘iston davlatlararo chegarasini kesib o‘tish punktlariga borishga urinmasliklarini, hozirda bo‘lib turgan joylarida qolishlarini va barcha karantin choralariga qat’iy rioya qilishlarini so‘raymiz. Rossiyaning turli hududlaridagi shaharlariga charter reyslari tashkil qilish ustida ishlar davom etadi.