O‘zbekiston va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi: Yutuqlar nimada aks etadi, yutqaziqlar-chi?

Prezidentimiz joriy yilning 24 yanvar kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida “...fuqarolarimizga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida bugungi kunda O‘zbekistonnning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) bilan hamkorlik qilish bilan bog‘liq masalalar o‘rganilmoqda. Biz, albatta, ushbu jiddiy masalada, eng avvalo, xalqimizning manfaatlaridan kelib chiqib, uning xohish-irodasiga tayanamiz. Shuning uchun xalq vakillari bo‘lgan deputat va senatorlarimiz parlament palatalarida mazkur masalani atroflicha muhokama qilib, o‘z zimmalariga mas’uliyatni olgan holda, asoslangan xulosalarini aytishlari kerak”, deb ta’kidlagan edilar.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashida joriy yilning 26 mart kuni bo‘lgan navbatdagi yig‘ilishda YeOII bilan hamkorligiga oid masalalar ko‘rib chiqildi. Yig‘ilishda milliy iqtisodiyotimiz raqobatbardoshligini oshirish, sog‘lomlashtirish va taraqqiy ettirish uchun xalqaro iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish va dunyoda globallashuv jarayonlari rivojlanayotgan bir davrda jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvni to‘liq tahlil qilib baho berish zarurligi ta’kidlab o‘tildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, YeOII 2014 yilda Rossiya Federatsiyasi, Belarus va Qozog‘iston Respublikalari o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida tashkil etilgan xalqaro tashkilotdir. Shuningdek, bu Ittifoqqa 2015 yilda Armaniston va Qirg‘iziston Respublikalari a’zo bo‘lib kirgan, 2018 yildan e’tiboran Moldova kuzatuvchi maqomiga ega.

YeOIIning maqsadi — a’zo davlatlar aholisining turmush darajasini oshirish borasida barqaror rivojlanish uchun sharoitlar yaratish, YeOII doirasida tovarlar, xizmatlar, kapital va ish resurslarining yagona bozorini shakllantirishga harakat qilish, milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirish, har tomonlama modernizatsiyalash va o‘zaro kooperatsiyani rivojlantirishdir.

YeOIIning iqtisodiy tashkilot ekanligini alohida ta’kidlash joiz. Bu jihat YeOIIga a’zo davlatlar suverinetetiga ta’sir etmasligi, davlatlarning biri tomonidan boshqasiga hatto iqtisodiy tazyiq o‘tkazilishi mumkin emasligi ravshan deb qarash lozim. YeOIIning asosiy maqsadi o‘zaro manfaatdorlikdan iborat ekan, shubhasiz, unga kuzatuvchi-davlat sifatida qo‘shilish masalasini muhokama qilish o‘rinlidir.

Fikrimizcha, YeOII O‘zbekistonning a’zo bo‘lishidan manfaatdor. Chunki, bu tadbir tashkilotning nufuzini oshiradi. O‘zbekistondek salohiyatli va O‘rta Osiyodagi yetakchi davlatning qo‘shilishi YeOII uchun keyingi yillarda ro‘y bergan eng katta voqea bo‘ladi.

O‘zbekiston uchun YeOIIga a’zo bo‘lish qanday ijobiy va salbiy natijalarga olib kelishi mumkinligi chuqur mulohaza, teran fikr va muhokama talab etadi.

Shu o‘rinda, ba’zi fikrlarimizni bildirishni lozim topdik. Dastlab, bo‘lishi mumkin bo‘lgan ijobiy holatlarga e’tibor qarataylik:

– O‘zbekistonda aholining 16 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan qatlami zichligi boshqa a’zo mamlakatlarga nisbatan yuqori ekanligi sababli mehnat migratsiyasida sezilarli darajada ijobiy holat sodir bo‘ladi. Minglab migrantlarning to‘laqonli ishchiga aylanishiga imkon tug‘iladi;

– O‘zbekiston aholisiga xos bo‘lgan mehnatsevarlik va tadbirkorlikni to‘la amalga oshirish hududi kengayadi;

– mamlakatda ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan investitsiya manbasi vujudga keladi;

– YeOIIga a’zo davlatlar iqtisodiy tizimlari uyg‘unligi rivojlanish uchun asos bo‘la oladi.

Shuningdek, O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasida YeOII davlatlarining ulushi 2/3 qismni tashkil etishi mamlakatimizni tashkilot bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga undaydi.

YeOII Vetnam, Xitoy, Eron, Singapur kabi o‘nlab davlatlar bilan erkin savdo kelishuvlari imzolagan. Bu esa mazkur davlatlar bilan yagona tashqi savdo siyosati amalga oshirilishini ifodalaydi.

Internet ma’lumotlariga ko‘ra, ayni kunda YeOII joylashgan hudud maydoni jihatidan dunyoda birinchi bo‘lsa, aholi soni bo‘yicha 8-chi (hozirgi kunda 184 milliondan iborat) va YaIM hajmi bo‘yicha 10 o‘rinda qayd etilmoqda.

O‘zbekistonning YeOIIga a’zo mamlakat sifatida qo‘shilishi muayyan masalalarni keltirib chiqarishi mumkin. Birinchidan, import qilinuvchi mahsulotlarning narxini tushishi natijasida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning bozordagi o‘rnini saqlab qolishi qiyinlashadi. Ayniqsa, monopol xususiyatga ega bo‘lgan tarmoqlarning bozordagi o‘rni xavf ostida qoladi. Shu bilan birga YeOII doirasida umumiy bojxona tariflarini o‘rnatilishi ortidan ba’zi tovarlarning qimmatlashishi yuzaga kelishi mumkin.

Ikkinchidan, ishchi kuchining chiqib ketishi yanada jadallashadi. Xususan, O‘zbekiston va YeOIIning yirik iqtisodiyotlari o‘rtasida ish haqi hajmi bo‘yicha sezilarli tafovutlar borligi tufayli mamlakatimizda ishchi kuchining xorijga ko‘chishi yuzaga keladi. Bu esa qishloq xo‘jaligi sohasida xizmat qiluvchilarga mehnatga haq to‘lashning qimmatlashuviga olib kelishi mumkin.

Mazkur mamlakatlar va O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatuvchi Transmilliy kompaniyalarning iqtisodiy siyosatidagi bir xillikning yuzaga kelishi mamlakatimizda ularning faoliyati nobarqarorlashuviga sabab bo‘lishi mumkin.

Shunday qilib, O‘zbekistonning YeOII mamlakatlarida o‘z mahsulotlari bilan kirib borishida 184 millionga yaqin iste’molchi mavjud bozorlarga notarif to‘siqlarsiz kirish imkoni yaratiladi.

Ta’kidlash joizki, milliy tovar-mahsulotlarimizni YeOII hududi bo‘ylab erkin sota olishimiz imkoni paydo bo‘lishi bizga a’zo mamlakatlar mahsulotlarining erkin kirib kelishi bilan belgilanadi. Bu masala ham murakkab. To‘g‘ri, mamlakatimiz YeOIIga a’zo mamlakatlarning barchasi bilan ikki tomonlama o‘zaro manfaatli kelishuv va bitimlarga ega. Aslida esa YeOIIga a’zo mamlakatlar biz bilan o‘zaro ikkitomonlama munosabatlarda o‘z ichki talablaridan tashqariga chiqishmaydi. YeOII manfaatlari hamisha ustuvor. O‘z-o‘zidan ma’lumki, asosiy ustuvorlik a’zo mamlakatlar mahsulotlariga nisbatan qo‘llaniladi. Bizning mahsulotlarimizga e’tibor darajasi nisbatan past bo‘ladi.

Shu kabi muammolarning bir nechtasini sanab o‘tdik, xolos. Nima bo‘lganda ham O‘zbekistonning YeOIIga kuzatuvchi davlat sifatida hamkorlik qiladigan bo‘lsa, hayotimizga katta o‘zgarishlarga olib keladi. Biz uchun, eng asosiysi, ushbu o‘zgarishlarda millatimiz manfaatini himoya qilib, xalqimiz farovonligi va tinchlik-xotirjamligini ta’minlashimiz muhim hisoblanadi.

Nodir Jumayev,
Abdulla Aslonov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zLiDeP Fraksiyasi a’zolari.