O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni: Biz ilg‘amagan hamkorlik

Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev ikki Muqaddas masjid xodimi, Podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud taklifiga binoan, davlat tashrifi bilan Saudiya Arabistonida bo‘lib turibdi. Keling, bu ikki davlatning 30 yillik hamkorlik munosabatlariga bir qo‘r nazar tashlaylik.

Istiqlolning ilk yillaridan boshlab O‘zbekiston bilan diplomatik munosabat o‘rnatgan davlatlardan biri Saudiya Arabistoni Podshohligi ekanini yodga olish joiz.

1992 yil noyabr oyida Jidda shahrida O‘zbekiston konsulxonasi faoliyat boshlab, 1994 yil may oyida Bosh konsulxona maqomiga ega bo‘ldi. Diplomatik munosabatning ilk huquqiy asosi o‘sha davrdan e’tiboran shakllanganini qayd etish mumkin. 1995 yil may oyida Ar-Riyodda Markaziy Osiyo davlatlari ichida birinchi bo‘lib O‘zbekiston Respublikasi elchixonasi ochilgan bo‘lsa, 1997 yil martdan Toshkentda Saudiya Arabistoni Podshohligi elchixonasi ish yuritmoqda.

1995 yil 18 noyabr kuni imzolangan O‘zbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi hukumatlari o‘rtasida savdo, iqtisodiyot, investitsiya, texnika, madaniyat, sport va yoshlar ishlari sohalarida hamkorlik qilish to‘g‘risida Bitim ayni yo‘nalishlardagi hamkorlikning huquqiy asosini yaratdi va hozirgi paytgacha ushbu hujjat o‘z amaliy ahamiyatini namoyon qilib kelmoqda.

Mamlakatlarimiz munosabatida tashqi siyosat idoralari hamkorligi muhim o‘rin egallaydi. 2005 yil 6 fevral kuni O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuv to‘g‘risida Anglashuv memorandumi imzolangan. Shu paytdan e’tiboran ikki davlat tashqi siyosiy idoralari aro muntazam ravishda siyosiy maslahat amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida xavfsizlik, ta’lim va qurilish sohalaridagi sheriklikda ham sezilarli natijaga erishilgan. Misol tarzida 2010 yil 27 noyabr kuni “O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Saudiya Arabistoni Podshohligi hukumati o‘rtasida terrorizm, uyushgan jinoyatchilik, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar noqonuniy aylanishiga, shuningdek, boshqa jinoyatlarga qarshi kurash sohasida hamkorlik to‘g‘risida” bitim imzolanganini qayd etish kerak. Bu davr xavfsizlik va jinoyatchilikka qarshi kurash sohasidagi hamkorlikning huquqiy asosini shakllantirish bilan boshlanadi va keyinchalik iqtisodiyot, savdo, texnika sohalaridagi aloqalarda ham sezilarli faollik kuzatiladi. 2010 yildan Saudiya Arabistoni Podshohligi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida iqtisodiy-savdo, investitsion sohalarda qator hukumatlararo va idoralararo shartnomalar imzolangan.

O‘zaro munosabatning holati va istiqboli, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi hamkorlik masalasi Toshkent va Ar-Riyodning doimiy nigohida, deyish mumkin. 2014 yil may oyida Ar-Riyod shahrida “Arab davlatlari ligasi – Markaziy Osiyo, Ozarbayjon” birinchi iqtisodiy forumida O‘zbekiston delegatsiyasi ham qatnashdi va tashrif natijasiga ko‘ra, ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.

Ko‘rinib turibdiki, munosabatlarning 2005-2015 yillardagi rivojlanish tendensiyasi, eng avvalo, xavfsizlik va jinoyatchilikka qarshi kurash masalalarida shakllantirilgan va keyinchalik savdo-iqtisodiy sohaga ko‘chgan.

2016 yil O‘zbekistonning va Saudiya Arabistoni hamkorligida yangi bosqich boshlandi. Mazkur davrda iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, madaniy, investitsiyaviy aloqalarning huquqiy asosini mustahkamlashga jiddiy e’tibor qaratildi.

Xususan, 2016 yil 28 may-3 iyul kunlari ikki davlat Adliya vazirliklari o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolanishi bilan huquqiy sohadagi hamkorlik ildamlashdi. Shuningdek, Podshohlik hukumati a’zolari bilan muzokara olib borilishi ko‘lami kengaydi, arab davlatlari bilan xalqaro tashkilotlar doirasidagi munosabat, xususan, Islom hamkorlik tashkiloti va Islom taraqqiyot banki bilan aloqa faollashdi.

Islom hamkorlik tashkiloti doirasidagi rishtalarga to‘xtalganda 2016 yil 18-19 oktyabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan IHT Tashqi ishlar vazirlari Kengashining 43-sessiyasiga O‘zbekiston mezbonlik qilganini e’tirof etish lozim. Ushbu tadbirda Saudiya Arabistoni bilan moliyaviy hamkorlik bitimi va Toshkent deklaratsiyasi imzolandi.

2017 yil 21 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Podshoh Salmon bin Abdulaziz as-Saud taklifiga ko‘ra, arab-musulmon davlatlari va AQSh sammitida ishtirok etish uchun Saudiya Arabistoniga tashrif buyurdi. Forum doirasida davlatimiz rahbari qator davlatlar rahbarlari, shuningdek, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz as-Saud bilan uchrashdi.

Darhaqiqat, ikki tomonlama munosabat rivojlanishida faol rasmiy tashriflar o‘ziga xos ahamiyatga ega.

Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston - Saudiya Arabistoni hamkorligi jarayonida Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi bilan O‘zbekistonda qator yo‘nalishlardagi loyihalarni amalga oshirish maqsadida imzolangan kelishuv alohida o‘rin tutadi.

Masalan, 2011 yil Jidda shahrida O‘zbekiston va Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi o‘rtasida “G‘uzor – Chim – Ko‘kdala” avtomagistrali rekonstruksiyasini moliyalashtirish to‘g‘risida bitim imzolandi. Ushbu maqsadda hamkor tomon 30 million dollar ajratdi. Shuningdek, jamg‘arma tomonidan irrigatsiya tizimi va umumta’lim maktablarini rivojlantirish loyihalari ham amalga oshirilgan.

So‘nggi 5-6 yilda Saudiya taraqqiyoti jamg‘armasi bilan hamkorlik yangi mazmun kasb etdi. Jamg‘arma delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida “Qishloq yerlarida turar-joy qurilishi” loyihasini moliyalashtirish bo‘yicha ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazildi. Bu ishlar 2018, 2019 va 2020 yillarda ham amaliy natijasini ko‘rsatdi.

O‘zbekiston va Saudiya sherikligining huquqiy asosi 20 ga yaqin hujjatni tashkil qiladi. Haj va Umra ziyorati bo‘yicha hamkorlik shartnomalari har yili yangilab boriladi. Xalqaro hukumatlararo va idoralararo shartnomalar qatori iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan kelishuvlar ahamiyati ham oshib borayotganini qayd etish lozim.

Jumladan, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Saudiyaning «ACWA Power» kompaniyasi o‘rtasida imzolangan investitsiya shartnomasi dunyoga mashhur mazkur xorijiy hamkorimiz tomonidan yurtimizda issiqlik elektr stansiyasini loyihalash, moliyalashtirish, qurish va korxonani 25 yil muddatga ishlatishni nazarda tutadi. Loyihaga «ACWA Power» 1,2 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb qiladi, qurilish va foydalanish bosqichida 1000 dan ortiq ish o‘rni yaratadi. Stansiya yiliga 12 milliard kVt/soat qo‘shimcha elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Mazkur ob’yekt 2023 yil to‘rtinchi chorakda topshiriladi.

2016 yildan bu yog‘iga hukumatlararo va idoralararo shartnomalar imzolanishi jadallashdi. Yangi, zamonaviy yo‘nalishdagi qo‘shma investitsion kompaniya tashkil etish to‘g‘risida shartnoma, qishloq xo‘jaligi infratuzilmasini modernizatsiya qilish va zamonaviy agroklaster tashkil etish to‘g‘risidagi bitimlar, qayta tiklanadigan energiya, quyosh elektr stansiyalari tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomalar orqali hamkorlikning huquqiy asosi takomillashtirilayotgani ham quvonarli.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kecha, 17 avgustda davlat tashrifi bilan Saudiya Arabistoniga borishi mamlakatlarimiz iqtisodiy salohiyatini yanada yorqin namoyon etish, mavjud qo‘shimcha imkoniyatlarni yuzaga chiqarish, bir so‘z bilan aytganda, hamkorlik munosabatini yanada yuksak darajaga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Tashrif doirasida “yashil” iqtisodiyot, yuqori texnologiyalar va raqamlashtirish, innovatsiya, kichik biznes va tadbirkorlik sohalariga alohida e’tibor qaratilishi kutilmoqda. Eng muhimi, davlatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik yanada chuqurlashadi. Ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plami imzolanishi kutilayotgan bu galgi muzokaralar ikki xalq o‘rtasidagi ko‘p yillik do‘stlik, birodarlik tamoyiliga asoslangan aloqalar ko‘lamini yanada kengaytirishiga shubha yo‘q.

Komil Rashidov,
yuridik fanlar doktori,
professor.