O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida mahbuslarni almashish bo‘yicha Bitim ratifikatsiya qilinishi mumkin

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida mahkumlarni topshirish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Mazkur Bitim 2022 yilning 29-30 mart kunlari Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning O‘zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida imzolangan.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi yig‘ilishida ishtirok etib, ushbu Bitimning afzalliklari haqida ma’lumot berdi.

Uning qayd etishicha, mazkur bitim 24 moddadan iborat bo‘lib, unda hukm chiqargan ahdlashuvchi davlat hududida jinoyat sodir etganlik uchun jazo o‘tayotgan va boshqa ahdlashuvchi tomonning fuqarosi bo‘lgan mahkumlarni hukm ijro etiladigan davlatga o‘tkazish tartibi bayon etilgan.

- Mahkum hukm chiqarilgan tomon hududidan hukm ijro etiladigan tomon hududiga jazoni yoki uning qolgan qismini o‘tash uchun o‘tkazilishi mumkin, - dedi Erkin Yo‘ldoshev. - Hukm ijro etiladigan tomon, mahkumning ahvolini yomonlashtirmagan holda, o‘zining vakolatli organi qarori asosida jazoning to‘liq hajmda o‘talishini ta’minlaydi. Mahkumga tayinlanadigan jazo hukm chiqariladigan tomon sudining hukmi asosida o‘taladi. Hukm ijro etiladigan tomonning sudi, hukm chiqarilgan tomon tayinlagan jazoning ijro etilishi yuzasidan qaror chiqaradi. Mahkum hukm ijro etiladigan tomonga topshirilgandan so‘ng, bunday topshirish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha xarajatlar hukm ijro etiladigan tomon tarafidan qoplanadi.

Shuningdek, hujjatda nizolarni hal etish, ikki tomonlama aloqa tillari, Bitimga o‘zgartirishlar kiritish hamda uning kuchga kirishi amal qilishi va tugatilishi tartibi ko‘rsatib o‘tilgan.

Mazkur Bitimga muvofiq topshirish haqida iltimosnoma bo‘yicha barcha masalalar yuzasidan O‘zbekiston tomonidan Bosh prokuratura markaziy organ hisoblanadi.

Bitim mahkumlarga jazoni o‘z davlatida o‘tash va yaqin qarindoshlari bilan muntazam ko‘rishib turish imkoniyatini beradi. Bu esa oilaviy munosabatlarga ijobiy ta’sir qiladi va mahkumning jamiyatning ijtimoiy hayotiga moslashuvini tezlashtiradi.