O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tashkil topganiga 30 yil to‘ldi
Sana munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda partiyaning mamlakatimizda demokratik islohotlarni mustahkamlash, kuchli fuqarolik jamiyatini qaror toptirishdagi hissasi e’tirof etildi.
Qayd etilganidek, faollar guruhi o‘tish davrida - 1991 yil 14 sentyabr kuni manzilli ijtimoiy yordam va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari va guruhlari manfaatlarini ifoda etuvchi va ilgari suruvchi partiyani tashkil etish tashabbusi bilan chiqqan. O‘sha yili bugungi sana - 1991 yil 1 noyabrda – Xalq demokratik partiyasining I ta’sis qurultoyi bo‘lib o‘tgan. Qurultoyda partiya Ustavi va dasturini qabul qilinib, ijtimoiy-siyosiy faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari belgilangan.
Darvoqe, qurultoy ishida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov ishtirok etib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirgan va partiyaning kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyat tilagan.
Yil yakunigacha partiya Adliya vazirligida ro‘yxatga olinib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida, barcha tuman va shaharlarda hududiy tashkilotlari tashkil etilgan. O‘sha vaqtda partiya safida 347,7 ming a’zo 11,3 ming boshlang‘ich tashkilotlar orqali birlashgan.
2000 yil yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘p partiyaviylik asosida ilk bora o‘tkazilgan saylovda partiya Markaziy Kengashi birinchi kotibi Abdulhofiz Jalolov XDPdan nomzod bo‘lgan. Keyingi saylovlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Hotamjon Ketmonov va Maqsuda Vorisovalarning nomzodi ko‘rsatilgan.
Bugungi kunda partiya tuzilishiga ko‘ra, Markaziy, 14 ta hududiy hamda 22 ta shahar va 179 ta tuman tashkilotlari, shuningdek, partiya a’zolarini ish joyi va yashash joyi bo‘yicha birlashtirgan 10 mingdan ziyod boshlang‘ich tashkilotlaridan iborat. Samarqand viloyati Kengashi 16 ta shahar-tuman kengashlari, 421 ta boshlang‘ich partiya tashkilotida 21 mingdan ziyod a’zolarni birlashtirgan. Xalq deputatlari viloyat Kengashida 7 nafar, shahar- tuman kengashlarida 104 nafar deputat partiyadan saylangan deputatlar faoliyat olib bormoqda.
– O‘tgan davr mobaynida partiya kengashlarining deputatlar bilan aloqasi mustahkamlandi, – deydi partiya viloyat Kengashi raisi Badriddin Nasriyev. –Xalq dardiga quloq tutish, ularning muammolarini o‘rganishda birgalikda faoliyat olib borilmoqda. Joylarda parlament, deputatlik va jamoatchilik nazorati kuchaytirildi. Natijada aholining ularga bo‘lgan ishonchi yanada oshmoqda.
Tadbir davomida partiyamiz faxriylaridan (marhum) O‘zbekiston Qahramoni Hasan Normurodov, Do‘pol Nosirova, Mayram Shodiyeva, Dilbar Imomova, Mahorat Boqiyeva va bir qator faollarimizning ismlari alohida tilga olindi. Ularning faoliyati davomida partiya dasturiy g‘oyalarini keng targ‘ib qilishdagi, ommalashtirishdagi o‘rni e’tirof etildi.
Shuningdek, jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda faol qatnashib, partiya nufuzini oshirishda fidoyilik ko‘rsatib kelayotgan faxriylar, deputatlar va faollar mehnati alohida taqdirlandi.
O‘zbekiston XDP viloyat kengashi axborot xizmati.