Xalq demokratik partiyasidan odamlar nimani kutishi kerak?
Joriy yil oktyabr oyida yurtimizda Prezident saylovlari bo‘lib o‘tadi. Amaldagi tartibga ko‘ra, prezidentlikka faqat ro‘yxatdan o‘tgan siyosiy partiyalar nomzod ko‘rsatish huquqiga ega. Ya’ni, jarayon partiyalar uchun yana bir sinov davri bo‘ladi. Shu bois, mavjud siyosiy partiyalarning viloyat Kengashi rahbarlariga saylovga tayyorgarlik jarayoni yuzasidan bir nechta savollar bilan murojaat qildik.
So‘rovimizga XDP viloyat kengashi raisi Badriddin Nasriyev quyidagicha javob berdi.
- O‘zbekiston XDP viloyat kengashi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Prezident sayloviga qanday tayyorgarlik ko‘rilmoqda?
- 2021 yil 27 iyul kuni Markaziy kengashimiz Ijroiya qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishi chaqirildi. Unda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Prezident saylovidagi ishtiroki, bu borada asosiy tadbirlar kalendar rejasi, partiya markaziy saylov shtabini tashkil etish, partiya vakolatli vakilini belgilash, partiyaning yangi siyosiy reklamasi va maftunkor imijini yaratish hamda targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Shulardan kelib chiqib, 7 avgust kuni Markaziy kengashning IV plenumi chaqirildi. Unda partiyamizdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish, partiyaning XII qurultoyini chaqirish vaqti, joyi va uning kun tartibi, qurultoyga delegatlar saylash masalasida partiya mintaqaviy kengashlari plenumlarini o‘tkazish, hududiy kengashlardan delegatlar saylash tartibi, partiyaning yangi ramzini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorlar qabul qilindi.
Plenumda Samarqand viloyat kengashining navbatdagi plenumi 26 avgust kuni o‘tkazilishi belgilandi. Unda partiyaning sentyabr oyida Toshkent shahrida bo‘ladigan XII qurultoyiga delegatlar saylanadi.
Umuman, O‘zbekiston XDP tomonidan ko‘rsatilgan nomzodning saylovoldi dasturini partiyaning hududiy va boshlang‘ich partiya tashkilotlarida saylovchilarga keng va aniq yetkazish, saylovchilarning ko‘p ming sonli ovoziga ega chiqish va shu tariqa saylovda g‘alaba qozonishni oldimizga maqsad qilganmiz.
- Viloyatda saylov natijalari qanday bo‘lishini kutyapsizlar?
- Viloyatda mavjud 20 mingdan ziyod a’zolarimiz hamda ko‘p ming sonli partiyamiz xayrixohlari va elektorat vakillarimizga tayangan holda saylovda muvaffaqiyat qozonishimizga ishonamiz.
Sababi, bizning saylovoldi dasturimiz o‘ta xalqchil. Shu bilan birga aholining ehtiyojmand, ko‘p farzandli, boquvchisini yo‘qotgan qatlami, chin yetimlarni qo‘llab-quvvatlab, ularning bandligini ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli islohotlar ko‘zda tutilgan. Bu esa xalqning ishonchiga sazovor bo‘lishimizga zamin bo‘ladi.
- Partiyadan prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzod uchun tabiiyki, viloyatda ham ishonchli vakil saylanadi. Bu vazifa kim(lar)ga topshirilishi rejalashtirilgan? Uning qaysi jihatlari saylovoldi targ‘ibotida samara beradi, deb o‘ylaysiz?
- Partiyadan prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzodning ishonchli vakili nomzodga saylov kampaniyasini o‘tkazishga yordam beruvchi, saylash uchun targ‘ibot-tashviqot olib boruvchi, davlat organlari va jamoat birlashmalari, saylov komissiyalari bilan bo‘ladigan munosabatlarda nomzodning manfaatlarini ifodalovchi shaxs hisoblanadi. Shu sababli viloyatda obro‘-e’tiborga ega, o‘z fikrini to‘liq ifoda eta oladigan, partiyamiz faollaridan nomzodlar shakllantirilib, partiya Markaziy kengashi ishchi guruhiga taqdim etildi.
- Umuman, O‘zbekiston XDPdan ko‘rsatilgan nomzod saylovlarda g‘alaba qozonsa, odamlar nimadan umid qilishlari mumkin?
- Biz uchun asosiy ustuvor yo‘nalish, avvalambor, aholining davlat va jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga ehtiyojmand qatlamlari manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan kuchli ijtimoiy siyosatni yuritishdan iborat. Bu mehnatga layoqatli kishilarning munosib haq to‘lanadigan ish o‘rinlariga ega bo‘lishini, fuqarolarning shaxsiy tashabbuskorligi va ishbilarmonligi qo‘llab-quvvatlanishi hamda rag‘batlantirilishini, yoshlarga, ularning ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar, kasb tanlash, ta’lim olish va o‘quv muassasalarini bitirgach, albatta ish o‘rniga ega bo‘lishlari uchun adolatli, teng va ijtimoiy jihatdan maqbul shart-sharoitlar yaratilishini, pensionerlar, nogironlar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar va aholining mehnatga layoqatsiz boshqa ijtimoiy guruhlari hayotiy ehtiyojlari to‘liq qondirilishini kafolatlovchi pensiya ta’minoti va ijtimoiy nafaqalarning samarali tizimi shakllantirilishi bilan bog‘liq masalalarni qamrab oladi.
Kam ta’minlangan oilalarni manzilli ijtimoiy himoyalash siyosatini izchil davom ettirish lozim. Bunda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini aholining ehtiyojmand qatlamlari o‘rtasida boqimandalik kayfiyatini bartaraf etishga qaratish, ularning tashabbuskorligini rag‘batlantirish, mehnat va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda nafaqalar va moddiy yordamni asosan kam ta’minlangan oilalar, ijtimoiy yordamga muhtoj qariyalar va bolalarga yo‘naltirish nihoyatda muhim masala. Bizning nomzod ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirishda barqaror ish o‘rinlarini yaratish ko‘rsatkichlari muhim mezonlardan bo‘lishi lozim, deb hisoblaydi. Shunday ekan viloyatimizning 2 milliondan ortiq saylovchilari bizga ishonib ovoz berishadi, degan umiddamiz.
- Joriy yilning o‘tgan davrida partiya deputatlik guruhi tomonidan muayyan masala o‘rganilib, viloyat Kengashi sessiyasiga olib chiqilmadi. Bu holat saylovlarda aks ta’sir qilmaydimi?
- Fikringizga qo‘shilmayman. Negaki, joriy yilning o‘tgan davrida partiya deputatlik guruhi tomonidan viloyat Kengashi sessiyasiga 2 ta masala kiritildi. Bundan tashqari, tuman va shahar kengashlari sessiyalarida deputatlarimiz olib chiqqan 62 ta masala ko‘rildi.
Oddiy misol, viloyat Kengashida Samarqand tumani sektor rahbarlari tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga manzilli yordam ko‘rsatishda ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilayotgani aniq faktlar bilan ochib berildi. Shu bois, sessiyada tuman sektor rahbarlariga aniqlangan kamchiliklarni bir oy muddatda bartaraf qilib, Kengashga hisobot berish vazifasi qo‘yildi.
Aytmoqchi bo‘lganim, deputatlik guruhlarimiz elektoratimiz va saylovchilar manfaatlarini himoya qilishda faol ish olib bormoqda. Bu albatta, o‘tkaziladigan saylovda nomzodimizga ishonch bildirilishida muhim omil bo‘lishi, shubhasiz.
Yoqubjon Marqayev suhbatlashdi.