XDP deputatlik guruhlari tomonidan 17 ta masala mahalliy Kengashlar sessiyalariga olib chiqilgan

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Samarqand viloyati Kengashi ijroiya qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida Yangi O‘zbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurishni va buni Konstitutsiyada mustahkamlash kerakligi ta’kidlangani qayd etildi.

Tabiiyki, bu tamoyil Xalq demokratik partiyasining dasturiy maqsadlarining asosiy g‘oyasi hisoblanadi va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bosh maqsad etib belgilanganligi, shuning uchun Prezidentimizning fikrlarini qo‘llab-quvvatlab, partiya tashkilotlarining ushbu yo‘nalishda amalga oshiriladigan ishlarda faol ishtiroki zarurligi qayd etildi.

Bunda birinchi navbatda, ta’lim va tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish, barcha islohotlarimiz zamini bo‘lgan mahallaning nufuzini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi. Shundan kelib chiqib, barcha darajadagi deputatlar va partiya kengashlari ijtimoiy yo‘nalishda, shu jumladan, ta’limda amalga oshirilayotgan islohotlarda jamoatchilik va deputatlik nazoratini olib borishlari zarur, degan qarorga kelindi.

Ta’kidlanganidek, 2022 yilda partiya elektorati manfaatlari himoyasiga qaratilgan turli loyihalar doirasida 324 nafar xotin-qizni kasb-hunarga o‘qitishga ko‘maklashildi, 45 nafarining bandligi ta’minlandi, 56 nafariga o‘z tadbirkorligini boshlashga yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, 428 ta ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olinib, qiynab kelayotgan muammolari o‘rganildi. Ularga oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechaklar tarqatilib, sovuq kunlarda ko‘mir bilan ta’minlandi.

Partiya tashabbusi bilan “Sog‘lom ayol kerak hayotga” loyihasida 122 marta bepul tibbiy ko‘rik tashkil etilib, 1016 nafar xotin-qizlarning salomatligi tekshiruvdan o‘tkazildi.

Yolg‘iz keksalar, boquvchisi yo‘qotgan oilalarga, nogironligi bo‘lgan shaxslarga hamda olis hududlarda istiqomat qiluvchi ehtiyojmand oilalarga yordam ko‘rsatish maqsadida 570 ta mahalladagi 1710 nafar xonadonning muammolari o‘rganilib, zarur amaliy yordamlar ko‘rsatildi.

2022 yilga mo‘ljallangan Harakat dasturi asosida xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlaridagi deputatlik guruhlari tomonidan 21 ta masala doimiy komissiyalar, 17 ta masala mahalliy Kengashlar sessiyalari kun tartibiga olib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilingan.

Partiya kengashlari qoshida fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish va elektoratni tashvishlantirayotgan asosiy muammolarini o‘rganish maqsadida faoliyat yuritayotgan “Jamoatchilik qabulxonalari”ga 1037 ta murojaat kelib tushgan. Ularda ko‘tarilgan masalalarning 833 tasi deputatlar va hamkor tashkilotlar bilan ijobiy hal etilgan, 204 tasi tegishli tashkilotlarga yuborilib, ijrosi nazoratga olingan.

Yig‘ilishda bu kabi ishlar e’tirof etilishi barobarida 2022 yilda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga tanqidiy baho berildi, partiyaning 2023 yilga mo‘ljallangan amaliy Harakat dasturi ijrosini ta’minlash, “Jamoatchilik qabulxonalari”ning faoliyatini yanada jonlantirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.