O‘zbekiston XDP Samarqand viloyat kengashining VI plenumi bo‘ldi

Plenumda partiya dasturining ijrosi hamda 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda XDPning faol ishtirokini ta’minlash masalalari muhokama etildi.

Xalq demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi B.Nasriyev partiyaning dasturiy ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish borasidagi faoliyati, 2022 yil uchun hamda o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan vazifalar yuzasidan hisobot berdi.

Ta’kidlandiki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirib kelinayotgan islohotlarning ijtimoiy yo‘naltirilganligi aholining, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarning manfaatlarini to‘la ma’noda ifodalaydi.

– Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasida siyosiy partiyalar, parlament va mahalliy Kengashlarning xalqimiz oldidagi mas’uliyatini kuchaytirish bo‘yicha muhim tashabbus va g‘oyalar ilgari surilgan – dedi B.Nasriyev. – Ularni amalga oshirish uchun barcha darajadagi deputatlik birlashmalari, hududiy partiya tashkilotlaridan qat’iyat va javobgarlik talab etiladi.

Taraqqiyot strategiyasi partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalari oldiga dolzarb ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan vazifalarni qo‘ymoqda. Jumladan, samarali parlament, deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha ma’lum muddatlarga mo‘ljallangan dasturlar ishlab chiqish lozimligi, “Qonunchilik hujjatlari ta’sirini baholash tizimi” va “Mening fikrim” portallarida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilayotgan me’yoriy-huquqiy hujjatlarni shakllantirishda xalq deputatlari kengashlaridagi partiya guruhlari va mahalliy partiya tashkilotlari faolligini oshirish zarurligi ta’kidlandi. 

Plenum so‘ngida 2021 yil davomida partiya dastur va maqsadlarini keng ommaga targ‘ib qilishdagi ishtiroki hamda tashabbuskorligi uchun mahalliy kengash deputatlari tashakkurnomalar bilan taqdirlandi. Shuningdek, bir guruh yoshlar partiya safiga qabul qilinib, a’zolik guvohnomalari topshirildi.