O‘zbekiston Xitoyga insonparvarlik yordami jo‘natmoqda (foto)

O‘zbekiston Xitoy Xalq Respublikasining yangi turdagi koronavirus (nCoV-2019)ga qarshi kurashish va uni bartaraf etish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholaydi.

Xavfli ofatni yengish yo‘lidagi bunday sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash va unga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyeyov 12 fevral kuni Xitoy Xalq Respublikasiga insonparvarlik yordamini yuborish to‘g‘risidagi farmoyishga imzo chekdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Gumanitar yuk tarkibida tibbiy yo‘nalishdagi eng zarur mahsulotlar – sterillangan bir martalik qo‘lqoplar, himoya kombinezonlari, yuz uchun filtrlash niqoblari va boshqa mahsulotlar mavjud.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi ushbu gumanitar yordamni shakllantirish va manzilga yetkazish bo‘yicha mas’ul etib belgilangan.

Ayni payt mamlakatda insonparvarlik yordamining ikkinchi bosqichini shakllantirish ham boshlangan.

Shu munosabat bilan respublikamizdagi to‘qimachilik korxonalarida Xitoyga jo‘natish uchun tibbiyot niqoblari va himoya kiyimlari tayyorlanmoqda.