O‘zbekiston yoshlari birinchi forumi ishtirokchilarining mamlakatimiz yoshlariga murojaati
Hurmatli yoshlar, aziz tengdoshlar!
Mamlakatimiz hayotidagi unutilmas tarixiy voqea – yurtimizda birinchi bor tashkil etilgan O‘zbekiston yoshlari forumi g‘oyat ko‘tarinki va amaliy ruhda bo‘lib o‘tdi.
Ayniqsa, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning anjumanda so‘zlagan sermazmun nutqi barchamizda qizg‘in taassurot qoldirdi.
Davlatimiz rahbari yoshlarni Vatanimizning eng katta boyligi va bebaho xazinasiga qiyoslagani,mard va fidoyi tengdoshlarimizning sinovli kunlarda ko‘rsatgan mardligi va jasoratini yuksak e’tirof etgani bizni nihoyatda ruhlantirdi.
Ayni paytda, Yurtboshimizning yosh avlodga ulkan ishonchi, e’tibor va g‘amxo‘rligi zimmamizga juda katta mas’uliyat yukladi.
Barchangiz guvohsiz, so‘nggi yillarda mamlakatimizda – yangi O‘zbekistonda yoshlarga munosabat butunlay o‘zgardi.
Yoshlarga doir davlat siyosati asosida yosh avlodning hayotiy manfaatlarini ta’minlash, ularning ezgu orzu-intilishlari, qobiliyat va iste’dodini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan islohotlar izchil va samarali amalga oshirilmoqda.
Bizning ilg‘or bilim va kasb-hunarlarni puxta egallab, yetuk mutaxassis, chinakam vatanparvar insonlar bo‘lib kamol topishimiz uchun hamma sharoitlar yaratib berilmoqda.
Ko‘plab tengdoshlarimiz parlamentda, hukumat a’zolari safida, davlat boshqaruvi organlarining mas’ul lavozimlarida, zamonaviy korxonalarda, kichik biznes va tadbirkorlik, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, madaniyat, san’at va sport sohalarida – hayotimizning barcha jabhalarida jo‘shqin faoliyat olib bormoqda.
Bugun Vatanimizning kelajagini belgilab beradigan, yangi Uyg‘onish davrining asosini tashkil etadigan hal qiluvchi soha – ta’lim-tarbiya tizimi jadal rivojlanmoqda.
Hayotda sinovdan o‘tgan milliy va xorijiy tajribalar asosida yangi-yangi bilim, san’at va sport maskanlari barpo etilmoqda. Prezident maktablari, ixtisoslashgan hamda ijod maktablarida yuzlab iste’dodli o‘g‘il-qizlar zamonaviy ta’lim-tarbiya olmoqda, mahorat sirlarini egallamoqda.
Bugungi uchrashuvda davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan muhim fikrlar, xususan, iqtidorli talabalar uchun Prezident granti ta’sis etilishi, respublikamizdagi xorijiy oliy o‘quv yurtlarining bakalavriat bosqichi talabalari uchun ham Prezident va davlat stipendiyalarining joriy qilinishi, ikki va undan ortiq farzandini shartnoma asosida o‘qitayotgan oilalarga imtiyozli ta’lim krediti berilishi va boshqa yangiliklar bizni juda quvontirib yubordi.
Prezidentimiz o‘z nutqida yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ko‘plab loyihalar, jumladan, yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularning tadbirkorlik va ishbilarmonlik qobiliyatini rivojlantirish bo‘yicha ilgari surgan g‘oyalar ayni bizning ko‘nglimizdagi ish bo‘ldi.
Xususan, “Yoshlar: 1+1”, “Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor”, “Yoshlar kichik sanoat zonalari”, “Loyihalar fabrikasi”, “Yoshlar texnoparklari”, “Yoshlar murojaati” elektron platformasi singari yangi-yangi tashabbuslar hayotimizda muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimiz tomonidan yoshlarni uy-joy bilan ta’minlash, ularni mustaqil hayotga tayyorlash, oilani mustahkamlash, ajrimlarning oldini olish kabi dolzarb masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Ayni paytda, Yurtboshimiz besh muhim tashabbusni izchil amalga oshirish, iste’dodli bolalarning qobiliyatini ro‘yobga chiqarish, yosh avlodning jismoniy va ma’naviy yetuk bo‘lib ulg‘ayishi, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi bo‘yicha oldimizda turgan eng dolzarb vazifalarni belgilab berdi.
Ayniqsa, davlatimiz rahbarining yoshlarga qarata aytgan quyidagi so‘zlari hammamizni cheksiz to‘lqinlantirdi:
“Ilmni qadrlang, ilmga intiling! Bir soniya vaqtingiz ham bekor o‘tmasin! Yoshlik – umrning eng bebaho davri. Ilm va bilim – o‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan, hech kim sizdan tortib ololmaydigan boylik ekanini aslo unutmang!”
Tarix haqiqati va katta hayot tajribasi bilan yo‘g‘rilgan bu so‘zlar biz uchun bir umrlik hayot dasturi bo‘lib qoladi.
Xalqimiz, davlatimiz, muhtaram Prezidentimizning biz yoshlarga yuksak e’tibori va ishonchini oqlash, bu g‘amxo‘rlikka har tomonlama munosib bo‘lish uchun o‘z ustimizda jiddiy ishlashimiz, qattiq mehnat qilishimiz lozimligini har birimiz chuqur mas’uliyat bilan anglab turibmiz.
Aziz do‘stlar, azmu shijoatli tengdoshlar!
Bugun ona xalqimiz, jonajon Vatanimiz, aziz Prezidentimiz ongu tafakkuri ozod avloddan buyuk ishlarni kutmoqda. Mamlakatimiz oldida turgan yuksak maqsadlar yo‘lida yoshlarga hal qiluvchi kuch sifatida qaralmoqda.
Barchamiz zimmamizdagi ulkan mas’uliyat va javobgarlikni his qilib, Vatan manfaatlari yo‘lida yanada birlashib, tom ma’nodagi tarixiy vazifani sharaf bilan ado etaylik!
El-yurtimizning, Prezidentimizning, ota-onalarimiz, ustoz-murabbiylarimizning bizga bildirayotgan yuksak umid va ishonchlarini amaliy ishlar bilan – a’lo o‘qish, a’lo mehnat, a’lo xulqu odobimiz bilan oqlaylik!
Biz bunga qodirmiz. Chunki, biz – Xorazmiylar, Farg‘oniylar, Beruniy va Ibn Sino, Ulug‘bek, Navoiy va Boburlar, Buxoriylar, Termiziylar avlodimiz.
Ishontirib aytamizki, biz ana shunday buyuk ajdodlarimizga har jihatdan munosib bo‘lamiz.
Hozirgi notinch va murakkab davrda, globallashuv va raqobat muhitida doimo sezgir va ogoh bo‘lib yashashga siz, aziz do‘stlarimizni da’vat etamiz.
Hayotdagi har qanday sinov va qiyinchiliklarni shijoat va qat’iyat bilan yengib o‘tib, ona Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish hayotiy maqsad va maslagimizga aylansin!
Aziz Vatanimizning haqiqiy tayanchi va suyanchi bo‘lib, yurtimizda yangi O‘zbekistonni, yangi Renessansni yaratishga munosib hissa qo‘shaylik!
Dunyodagi eng ulug‘ baxt – el-yurt ishonchiga sazovor bo‘lish barchamizga nasib etsin!
Biz – O‘zbekiston yoshlariga ko‘rsatayotgan otalarcha g‘amxo‘rligi uchun hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga cheksiz minnatdorlik bildiramiz.