O‘zbekistonda DNK orqali ochilgan ilk jinoyat
Mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish borasidagi ijobiy ishlarni butun dunyo hamjamiyati e’tirof etmoqda. Jinoyatchilikka qarshi zamonaviy kriminalistika yutuqlaridan keng foydalanishga e’tibor qaratilib, jinoyatlar izi sovimasdan fosh etilmoqda.
Bunday keskin va murakkab jarayonlarda O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi organlari ham faol ishtirok etayotganligini alohida ta’kidlash mumkin. Mazkur tizim jinoyatlarni fosh etishda fan-texnika yangiliklari hamda yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib ish ko‘rayotganligi e’tiborga loyiq. Buni birgina misol — 1992 yilning 30 noyabr kuni Samarqand Oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti hududida ro‘y bergan mudhish voqea — voyaga yetmagan Yelena Krasikovaning fojiali o‘limi bilan bog‘liq o‘ta chigal jinoiy ishni fosh etishdagi izlanishlar, mashaqqatlar misolida his etish mumkin.
Harbiy bilim yurtidagi sirli qotillik
…O‘sha kuni qizning jasadi topilganda, tanasida turli jarohatlar bilan birga uning zo‘rlanganiga doir alomatlar ham aniqlangan edi. Ammo jinoyatni kim qilgani, norasida qizni kim bu ko‘yga solgani haqida hech kim hech narsa eshitmagan, hech kim hech nimani ko‘rmagan edi. Boz ustiga qotil na biron iz, na biror dalil qoldirgan.
Holat yuzasidan Samarqand harbiy prokurori Shuhrat Uzoqov tomonidan eski tahrirdagi Jinoyat kodeksi 80-moddasining 8-bandi (og‘irlashtiruvchi holatda odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari boshlab yuborildi.
Ta’kidlash joizki, bu davrlar — mustaqillikning dastlabki yillari, har bir sohada qayta tiklanish jarayonlari ro‘y berayotgan o‘ta og‘ir damlar edi. Ana shunday murakkab bir vaqtda, Oliy harbiy bilim yurti hududida sodir etilgan ushbu mudhish qotillik jinoyatini fosh etishda ham ko‘plab qiyinchiliklar bo‘lishi tabiiy edi. Chunki qotillik ro‘y bergan aynan o‘sha paytda mazkur Oliy harbiy bilim yurtida tahsil olayotgan, sobiq ittifoqning turli hududlaridan kelgan kursantlar o‘z yurtlariga qaytarilayotgan edi. Bu esa qotilni topishni yanada qiyinlashtirardi.
Olib borilgan dastlabki tergov harakatlari natijasida bilim yurtining 7 nafar kursanti — Rossiya, Qozog‘iston, Ukraina, Belorussiya Respublikalari fuqarolari jinoyat sodir etishda gumon qilinib, bilim yurti hududidan chiqarilmay ushlab turildi. Chunki jinoyatni ushbu gumondorlarning qaysi biri sodir etganini aniq tasdiqlovchi, inkor etib bo‘lmas dalil yo‘q edi. Gumondorlar o‘z yurtiga jo‘natib yuborilsa, jinoyat ochilmasdan qolishi muqarrar edi. Holat nihoyatda murakkab edi.
Jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov muddati yakunlanayotgan bir vaqtda bir necha xorijiy davlat fuqarolarini gumon qilinuvchi tariqasida ushlab turish, jinoyatni ularning biri sodir etganiga ichki hissiyotlarga ko‘ra ishonch kuchi bo‘lsa-da, buni isbotlash uchun yetarlicha dalil topilmagani tufayli Samarqand harbiy prokurori lavozimida xizmat qilgan Shuhrat Uzoqov tunu kun tinim bilmay jinoyatni fosh etishning noan’anaviy usullarini topish ustida izlanardi.
O‘zbekistonda DNK orqali ochilgan birinchi jinoyat
Shuhrat Uzoqov har kuni ish boshlashdan oldin, mamlakatimizda va xorijda chop etiladigan bosma nashrlar — gazeta-jurnallarni o‘qishga odatlangan. Matbuotdagi sohaga doir yangiliklar, jahon miqyosidagi vaziyat uni befarq qoldirmas edi. Qotillikni ochish uchun tinimsiz izlanayotgan harbiy prokuror shunday kunlarning birida sud-huquq sohasiga oid Moskvada chop etiladigan “Zakonnost” jurnalida sud-tibbiy ekspertizasining yangi turi — DNK ekspertizasi haqidagi maqolani o‘qib qoldi.
Maqolada bu ekspertiza insonning qon, so‘lak va boshqa ajratmalarini 99,9 foiz aniqlik bilan aynan kimga tegishliligini fosh etishi qayd qilingan edi. Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, DNK yoki dezoksiribonuklein kislota — bu spetsifik unikal molekula. Faqat tirik organizmda bo‘ladigan bu molekulaning o‘ziga xosligi shundan iboratki, ushbu kichik biologik strukturada organizmga xos barcha ma’lumotlar jamlanadi.
Harbiy prokuror Sh.Uzoqov esa jinoyatni fosh etishda mazkur ekspertizani qo‘llash zarurligi haqida bir to‘xtamga keldi. Ammo qanday qilib buni uddalash mumkin? Zero, mustaqilligimizning ilk yillari, mazkur turdagi ekspertiza amaliyotga joriy etilmagan, hatto uning imkoniyatlaridan foydalanishning iloji ham yo‘q bo‘lgan davr edi. Ma’lumot uchun aytish lozimki, oradan 8 yil o‘tgandan so‘nggina, ya’ni 2000 yilda O‘zbekistonga mazkur turdagi ekspertiza kirib kelgan.
Ammo Shuhrat Uzoqov fikrida qat’iy turdi. Uzoq izlanishlardan so‘ng Rossiya Federatsiyasi Moskva shahrida joylashgan ushbu sud-ekspertiza byurosining boshlig‘i Svetlana Vladimirovna Gurtovaya bilan telefon orqali suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi. Suhbat davomida jinoyatni fosh etish bo‘yicha ushbu ekspertiza imkoniyatlari haqida fikr almashgach, mavzu harbiy bilim yurtida ro‘y bergan qotillikka ko‘chdi. Byuro boshlig‘ini bu eskpertizani o‘tkazishda amaliy yordam berishga ko‘ndirdi. Shu tariqa Sh.Uzoqov tashabbusi bilan mamlakatimiz tarixida birinchi marta DNK ekspertizasi o‘tkazildi.
Jinoyatni ochishda o‘zida jinoyat izlarini saqlab qolgan ashyoviy dalillar, xususan, marhum Ye.Krasikovaning jasadida aniqlangan qon izlari, sperma dog‘larining kimga tegishli ekanligini aniqlash yuzasidan xorijiy davlat ekspertiza muassasasiga DNK ekspertizasi tayinlanib, jinoyat ishi ashyoviy dalillar bilan Shuhrat Uzoqov shaxsiy javobgarligi ostida Moskva shahriga yuboriladi.
Harbiy prokurorning qat’iyati tufayli qotil topildi…
Oradan ikki oy o‘tgandan so‘ng, jinoyat ishi ekspert xulosasi bilan Samarqand harbiy prokuraturasiga kelib tushadi va marhumada aniqlangan qon izlari va boshqa biologik dog‘lariga ko‘ra, gumon qilinuvchi Qozog‘iston Respublikasi fuqarosi Zaur Kenjebayevga tegishli ekani ma’lum bo‘ladi. Natijada jinoyatga doir tafsilotlar oydinlashadi.
Mudhish jinoyatga qo‘l urgan shaxs qotillik qilganini tan oladi. Xususan, mavjud dalillar jinoyat quyidagicha sodir etilganini ko‘rsatdi: jinoyat sodir etilgan kuni soat 20:30 lar atrofida kursant Z.Kenjebayev spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda bilim yurti hududidagi “diskoteka”dan chiqib, bilim yurti shtabi tomon borayotgan voyaga yetmagan Krasikova Yelena Aleksandrovnani ko‘rib qoladi. Qizni to‘xtatib, unga o‘zi bilan birga bo‘lishni taklif qiladi. Yelena Krasikova uning taklifini rad etadi va qochib ketadi. Ichkilik ta’sirida aqlu hushini yo‘qotgan kursant qizning ortidan quvadi. Voyaga yetmagan yosh qiz baquvvat yigitga bas kela olarmidi? Bir zumda qizga yetib olgan kursant uni tomog‘idan bo‘g‘a boshlaydi. Bu bilan ham g‘azabi bosilmay, Yelenani urib-do‘pposlaydi va nomusiga tegadi. Natijada Yelena hushidan ketib, hodisa joyida vafot etadi. Vijdonsiz Z.Kenjebayev esa ko‘zdan g‘oyib bo‘lib, hech narsa ko‘rmagandek, bu voqealarga aloqasi yo‘q kimsadek jim yuraveradi.
8 oydan ortiq davom etgan tergov harakatlari natijasiga ko‘ra, jinoyat ishi bo‘yicha bilim yurti kursanti Zaur Kenjebayevga nisbatan eski tahrirdagi Jinoyat kodeksi 80-moddasining 8-bandi (og‘irlashtiruvchi holatda odam o‘ldirish) va 94-moddasi 4-qismi (nomusga tegish) bilan ayblov e’lon qilinib, jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqish uchun harbiy sudga yuboriladi.
Harbiy sudning 1993 yil 1 noyabrdagi hukmiga ko‘ra adolat qaror topib, Zaur Kenjebayevga jazo muqarrarligi ta’minlangan.
Xulosa shuki, inson qaysi sohada faoliyat yuritmasin, kasbga sadoqat, ulkan mas’uliyat, javobgarlik tuyg‘usi uni tark etmasligi kerak. Qolaversa, yuzaga kelgan muammoli vaziyatlarning yechimi har qancha murakkab bo‘lmasin, inson haq-huquqi, qadr-qimmatiga daxldor har qanday ishni hal etish uchun tinimsiz izlanish, bor bilim va imkoniyatlarni shu ishga safarbar etish chin ma’nodagi vatanparvar insonning ishidir. Ayniqsa, gap sodir etilgan va ochilmagan jinoyat haqida ketar ekan, haqiqatni izlab topish, adolatni qaror toptirish kabi o‘ta murakkab vazifa faqat yuksak mahoratli, kuchli bilimli, professional mutaxassisning fidoyiligi tufayligina amalga oshishi mumkin. O‘z kasbiga sadoqatli yuristgina jinoyatni har qanday sharoitda, har qanday vaziyatda ham fosh etishga kuch va imkoniyat topa oladi. O‘zbekiston Respublikasi harbiy prokurori Shuhrat Uzoqov ana shunday yuksak mahoratli va jasoratli kasb egasi, qat’iyatli va zabardast shaxs.
Bahodir Xudoyberdiyev,
O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokurorining birinchi o‘rinbosari.