O‘zbekistonda halol sertifikatlarini berish bilan Gollandiya kompaniyasi shug‘ullanadi
Joriy yilning 11 iyun kuni Gollandiyaning Halal Correct Certification BV kompaniyasi bosh menejeri Abdulfattoh Ali Salah boshchiligidagi delegatsiya Namangan viloyatiga tashrif buyurdi, deb yozmoqda azon.uz.
Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Gollandiya delegatsiyasi viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tomonidan qabul qilindi.
Bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida “Halal Correct Certification BV Uzbekistan” kompaniyasi ro‘yxatdan o‘tkazildi. Kompaniya laboratoriya tekshiruvlarini o‘tkazish va “Halal”, “Organic”, “Global GAP” sertifikatlarini berishga oid amaldagi qonunchilikdan kelib chiqqan holda mahsulotlarni sertifikatlashtirish uchun tashkil etildi.
Halal Correct Certification BV Yevropa va dunyoning boshqa mintaqalarida kushxonalar va oziq-ovqat sanoati korxonalarini sertifikatlashtiradi va halol mahsulotlarni ishlab chiqarishda tegishli jarayonlarni qo‘llash sohasida tan olingan ekspert hisoblanadi.