O‘zbekistonda ikkinchi xotinga uylanishga rasman ruxsat berildimi? DXA munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbekistonda ikkinchi xotinga uylanishga rasman ruxsat berildi” deya yolg‘on xabar tarqala boshladi.

Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish Davlat xizmatlari agentligi tizimiga kiruvchi FHDYo bo‘limlari vakolati doirasida bo‘lgani bois rasman munosabat bildirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 126-moddasiga ko‘ra, ko‘p xotinli bo‘lish, ya’ni umumiy ro‘zg‘or asosida ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashash — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bundan tashqari, Oila kodeksining 16-moddasiga asosan nikoh tuzishga loaqal bittasi ro‘yxatga olingan boshqa nikohda turgan shaxslar o‘rtasida yo‘l qo‘yilmaydi.

Vazirlar Mahkamasi qarorlarining qisqartmasi — VMQ etib belgilanadi. PQ deyilganda Prezident qarori ko‘zda tutiladi.

2020 yil 10 aprel kuni Vazirlar Mahkamasi tomonidan tarqalayotgan xabarda ko‘rsatilgan qaror qabul qilinmagan.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda hozirgi kunda demografik ko‘rsatkich bilan hech qanday muammo yo‘q. Bir yilda o‘rtacha 750-800 mingga yaqin bolalar tug‘ilishi qayd etilmoqda.