O‘zbekistonda ilk marta organik paxta yetishtirildi

O‘zbekistonda “TEXTILE TECHNOLOGIES GROUP” MChJ XK Chinoz klasteri tomonidan organik paxta yetishtirildi. Ushbu organik paxtani endilikda jahon va Yevropa bozoriga eksport qilish imkoni tug‘ildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Bolgariyadan tashrif buyurgan “CONTROL UNION” tashkiloti inspektor-auditori Yekaterina Tomeva mahsulotning sifat darajasini ko‘zdan kechirdi. Inspektor-auditor ushbu paxtaga yuqori baho berdi va mahsulotdan nafaqat oliy navli tola, balki chigitidan ekologik toza paxta yog‘i olinishi mumkinligini ham alohida qayd etdi.

Shuningdek, Yekaterina xonim O‘zbekistonda yetishtirilgan ushbu noyob organik paxta mahsuloti jahon va Yevropa bozoriga chiqishi uchun sertifikatga loyiq ekanligini aytib o‘tdi. U ushbu paxta bozorda raqobatbardosh bo‘la olishiga, sifat darajasi bo‘yicha bozordagi narxi bir yarim barobar qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lishiga ishonchi komil ekanligini ta’kidladi.