“O‘zbekistonda innovatsion rivojlanishni ta’minlashning ustuvor yo‘nalishlari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi
Bugun, 29 iyun kuni Oliy Majlis Senati hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi hamkorligida “O‘zbekistonda innovatsion rivojlanishni ta’minlashning ustuvor yo‘nalishlari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda Senat a’zolari, O‘zbekistondagi xalqaro tashkilotlar vakillari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, qo‘mita ekspert guruhi a’zolari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Davra suhbatida O‘zbekistonda innovatsion rivojlanishni ta’minlashning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash maqsadida ishlab chiqilgan 2022—2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasi loyihasi muhokama qilindi.
Strategiya O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini tasdiqlash, iqtisodiyotning barcha tarmoqlari va aholi kundalik hayotida innovatsiya va texnologiyalarning keng kirib borishi, milliy iqtisodiyotning jahon miqyosidagi raqobatbardoshligini oshirish, innovatsiya tizimining yagona siklini yaratish, inson kapitali sifatini oshirish maqsadida ishlab chiqilganligi qayd etildi.
Bundan tashqari, yoshlarning ijodiy va innovatsion qobiliyatlarini, innovatsion tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, mikro va makro darajalarda innovatsion faoliyatni amalga oshirish va rivojlantirish uchun innovatsiyalar sohasidagi mutaxassislar sonini oshirish, mamlakatning xalqaro maydondagi ilmiy salohiyatini oshirishga qaratilgan milliy innovatsiya infratuzilmasini shakllantirish va zamonaviylashtirish, innovatsiyalarni keng joriy etish orqali bozor talablariga moslashtirishni rivojlantirish kabi masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, xorijiy mutaxassislarning innovatsion rivojlantirishda xorij tajribasi, soha huquqiy asosini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalari, qolaversa, innovatsion rivojlanish ko‘rsatkichlarini tahlil qilib borish borasidagi fikrlari eshitildi.
Davra suhbati yakunida innovatsion rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha tavsiyalar qabul qilindi.