O‘zbekistonda massaj salonlari, diskoteka va diskobarlar faoliyati to‘xtatildi
Bugun, 19 mart kuni O‘zbekistonda koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati.
Unda Respublika bo‘ylab massaj salonlari, bolalar o‘yin zallari, diskoteka va diskobarlar faoliyatining to‘xtatilishi yuzasidan qaror qilingan.
"Tadbirkorlik sub’yektlaridan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga xayrixoh bo‘lishlarini so‘raymiz. O‘z-o‘zini himoya qilish uchun aholiga karantin davrida bunday muassasalarga tashrif buyurmaslikni tavsiya qilamiz", deyilgan xabarda.
Ta’kidlanishicha, mazkur qaror ijrosi Davlat soliq xizmati, ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyasi tomonidan qat’iy nazorat qilinadi.