O‘zbekistonda qimmatli qog‘ozlarning necha foizini davlat tasarruf etadi?

Mamlakatimizda hozirda 600 ta qimmatli qog‘ozlar chiqarilgan jamiyatlar bor va ularning jami nominal qiymati 60 trillion so‘mni tashkil qiladi. Respublika miqyosida 800 mingga yaqin aksiyador ro‘yxatga olingan bo‘lsa, ularning 37 mingtasi yuridik va 763 ming nafar jismoniy shaxslar aksiyadorlik jamiyatlarining qimmatli qog‘ozlari sohibi hisoblanadi.
Bu ma’lumotlar Samarqand shahrida kapital bozorni rivojlantirish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan tadbirkorlar, aksiyadorlar, auditorlar, aksiyadorlik jamiyatlari vakillari ishtirokida “Kapital bozorining rivojlanish omillari” mavzusida o‘tkazilgan seminarda bildirildi.
Seminarda tadbirkor va loyihachilarga biznes g‘oyasini rivojlantirishda faqat bankning kredit mablag‘iga qaram bo‘lmasdan jamiyatning qimmatli qog‘ozlarini chiqarish, ularni IPO va SPO usulida sotib mablag‘ jalb qilish, biznes rejani amalga oshirish hamda aholiga dividentlar orqali daromad manbaini kengaytirish, davlat ulushini kamaytirish orqali minoritar aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish borasida tushunchalar berildi.
- Mamlakatimizda chiqarilgan aksiyalarning 87 foizi bevosita va bilvosita davlatga tegishli bo‘lib qolmoqda, - deydi Kapital bozorni rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Asqar Obidov. – 763 mingta jismoniy shaxs esa mavjud qimmatli qog‘ozlarning atigi 5 foiziga egalik qiladi. Ammo ularning ham aksariyati ixtiyorsiz holda aksiyadorga aylantirilgan. Shuning uchun mamlakatimiz yangi soha hisoblangan Kapital bozorni rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish, kadrlar tayyorlash zarur va bu borada tegishli yuridik hujjat ham ishlab chiqilmoqda. Bu yo‘nalishda, avvalo, fuqarolarning aksiya va obligatsiya, qimmatli qog‘ozlar borasidagi tushunchasini oshirishga e’tibor qaratishimiz lozim.
O‘.Xudoyberdiyev.