O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilishga Jahon banki tomonidan mablag‘ ajratiladi

“Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, Jahon banki tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish” loyihasini moliyalashtirish uchun 30 yil muddatga quyidagilar ajratilishi ma’qullangan:

10 yillik imtiyozli davr bilan Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan 181 mln AQSh dollari miqdorida qarz;

10 yillik imtiyozli davr bilan Xalqaro taraqqiyot uyushmasining 100 mln AQSh dollari miqdoridagi krediti;

5 yillik imtiyozli davr bilan Xalqaro taraqqiyot uyushmasining 219 mln AQSh dollari miqdorida imtiyozli krediti.

Loyihaning umumiy qiymati 659,3 mln AQSh dollariga teng bo‘lib, O‘zbekiston ulushi – 159,3 mln AQSh dollarini, shu jumladan:

soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar berish, investitsiya davrida moliyaviy xarajatlarni to‘lash shaklidagi ulush – 124,3 mln AQSh dollarini;

Loyiha ishtirokchilarining (benefitsiarlar) ulushi esa 35 mln AQSh dollari ekvivalentini tashkil etadi.

Loyihani amalga oshirish davri 6 yil (2020-2026 yillar) bo‘lib, uni moliyalashtirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri qishloq xo‘jaligida ilmiy-tadqiqot, ta’lim va maslahat xizmatlarining ishlab chiqarish bilan integratsiyalashgan samarali tizimini yaratishdir.