Jahon banki vitse-prezidenti Samarqandda
Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Antonella Bassani boshchiligidagi delegatsiya Samarqandga tashrif buyurdi.
Samarqand temiryo‘l vokzalida mehmonlarni viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov kutib oldi.
Delegatsiya dastlab Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filiali hamda Samarqand tumani Zaxlik mahallasida joylashgan oqova suvlarni qayta tozalash inshooti faoliyati bilan tanishdi.
Ta’kidlash joizki, oqova suvlarni qayta tozalash inshooti Jahon banki mablag‘lari ko‘magida rekonstruksiya qilingan bo‘lsa, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filialining yangi binosi bank ko‘magida bunyod etilib, zamonaviy tibbiy uskunalar bilan ta’minlangan.
- Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha yangi tayinlangan vitse-prezidenti Antonella Bassani bilan birgalikda O‘zbekistonga kelganimdan xursandman, - deydi Jahon bankining Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha direktori Tatyana Proskuryakova. - Biz O‘zbekiston bilan 30 yildan beri hamkorlik qilib kelmoqdamiz. Bugungi kunda ham umumiy qiymati 6 milliard dollarga yaqin yigirmadan ortiq loyihalar ustida ishlar olib borilmoqda. Jumladan, sog‘liqni saqlash va oqova suv tizimlari bo‘yicha Samarqandda amalga oshirilayotgan loyihalarimizni ko‘zdan kechirdik. Bevosita ushbu ob’yektlarda bo‘lib, hamkorligimiz ijobiy samara berayotganligiga guvoh bo‘ldik.
Mehmonlar kunning ikkinchi yarmida Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylari bilan tanishdi. Xalqimizning boy madaniy merosi mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Alisher Isroilov.